Yangi tahrirdagi konstitutsiya: barqaror rivojlanishning asosiy mezoni
O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, jamiyat barqarorligi va xalq birdamligini ta’minlab kelayotgan asosiy huquqiy hujjatdir. 2023 yilda o‘tkazilgan umumxalq referendumi orqali qabul qilingan konstitutsiyaning yangi tahriri mamlakatni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Yangi normalar huquqiy tizimni mustahkamlashi barobarida iqtisodiy siyosatda ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Konstitutsiyada fuqarolarning iqtisodiy huquqlari aniq belgilab qo‘yilgan. Xususan, xususiy mulk daxlsizligi, uning faqat sud qarori bilan olib qo‘yilishi mumkinligi qayd etilgani mulkiy munosabatlarda huquqiy kafolatlarni yanada mustahkamladi. Fuqarolar va tadbirkorlar uchun iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish, erkin bozor munosabatlarida ishtirok etish imkoniyati kengaytirildi. Bu o‘z navbatida xususiy sektorning faol o‘sishiga turtki bermoqda.
Monopoliyalarga qarshi choralar va sog‘lom raqobatni ta’minlashga qaratilgan qoidalarning konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi iqtisodiyotda ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirdi. Bunday kafolatlar investorlar uchun ishonchli muhit yaratmoqda. Keyingi yillarda yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlarining barqaror saqlanib kelayotgani ham islohotlarning amaliy natijasidir.
Davlatning iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni va majburiyatlari yangi tahrirda yanada ravshan ifodalandi. Infratuzilmani yangilash, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlarini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar bugungi kun islohotlarining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Korxonalarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish jarayonlari esa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.
Konstitutsiyada tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash davlatning ustuvor vazifasi sifatida belgilangan. Yer, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi milliy boylik sifatida qo‘riqlanadi va ulardan foydalanish tartibi qat’iy me’yorlar bilan tartibga solingan. Bu yondashuv iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhit himoyasi o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga imkon bermoqda.
Ijtimoiy adolat tamoyillari ham konstitutsiyada alohida o‘rin olgan. Fuqarolarning teng iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lishi, adolatli ish haqi, muhofaza qilingan mehnat sharoiti, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish kabi huquqlari kafolatlangan. Aholi qatlamlarining manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qoidalar – ayollar, bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash, inklyuziv sharoitlar yaratish mamlakatda ijtimoiy birdamlikni mustahkamlamoqda.
Yangi tahrirda belgilangan islohotlar iqtisodiy barqarorlik va ochiqlikni ta’minlashga, jamiyat farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Konstitutsiyadagi me’yorlar amaliy hayotga to‘laqonli tatbiq etilgan sari mamlakatning iqtisodiy salohiyati ortib, yurt ravnaqiga hissa qo‘shmoqda. Har bir fuqaroning konstitutsiyaga rioya qilishi esa umummilliy taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi.
Ubaydullayev Ilhomjon,
Farg‘ona davlat universiteti
“Huquq ta’limi” kafedrasi o‘qituvchisi.
O‘zA