Jizzaxda “Yashil makon”: 4200 tup ko‘chat ekildi
Yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Davlatimiz rahbari ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start bergani hududlardagi ishlarga yanada kuchli turtki bo‘ldi.

Jizzax viloyatida ham mazkur tashabbus doirasidagi amaliy ishlar keng quloch yoydi. Xususan, Sharof Rashidov tumani Hamid Olimjon massivida joylashgan avtomobil halqa yo‘li atrofida tashkil etilgan ko‘chat ekish tadbirida keng jamoatchilik faol ishtirok etdi. Tadbir jarayonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri videoaloqa orqali respublika miqyosidagi umumiy jarayonlar bilan uyg‘un holda olib borildi.
Ekologik aksiyada viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev, soha mutaxassislari, faollar, nuroniylar, yoshlar, shuningdek, turli korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida jami 4200 tup daraxt ko‘chatlari ekildi. Jumladan, 2000 tup qayrag‘och, 1000 tup safora, 500 tup sada qayrag‘och va 700 tup pavloniya ko‘chatlari hududga o‘tqazildi. Ko‘chat ekish ishlari agrotexnik talablarga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshirildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday keng ko‘lamli ko‘chat ekish tadbirlari nafaqat hududning ekologik barqarorligini mustahkamlaydi, balki aholi uchun sog‘lom va musaffo atrof-muhitni shakllantirishga yordam beradi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari