Yangi O‘zbekistonni muhandislar barpo etadi
Mamlakat hayotida shunday pallalar bo‘ladiki, ular nafaqat bugunni, balki kelajakni ham belgilab beradi. Oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni ana shunday muhim bosqichlardan sanaladi. Ayni kunlarda yurtimizda minglab abituriyentlar va ularning ota-onalari oldida mas’uliyatli savol turibdi: qaysi sohani tanlash kerak? Qaysi kasb ertangi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qoladi? Qaysi yo‘nalish insonga nafaqat munosib ish o‘rni, balki jamiyat taraqqiyotida munosib o‘rin ham bera oladi?
Bu savollarga javob izlar ekanmiz, avvalo, bir haqiqatni tan olishimiz lozim. Hozir yuqori texnologiyalar davri. Davlatlar qudrati faqat tabiiy resurs yoki moliyaviy imkoniyatlar bilan emas, ilm-fan, innovatsiya va muhandislik salohiyati bilan o‘lchanmoqda. Qaysi mamlakat kuchli muhandislar maktabiga ega bo‘lsa, aynan shu mamlakat sanoat, energetika, transport, qurilish va raqamli iqtisodiyot sohalarida raqobat ustunligiga erishmoqda.
Yangi O‘zbekiston ham taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bugun mamlakatimizda yuzlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari, sanoat zonalari tashkil etilmoqda, energetika tizimi modernizatsiya qilinyapti, raqamli iqtisodiyot esa jadal rivojlanmoqda. Faqat bir raqamning o‘ziyoq bu jarayonlar ko‘lamini ko‘rsatadi: mamlakatimizda har yili qariyb 3 mingta yangi sanoat korxonasi ishga tushirilib, 150 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilmoqda.
2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotini texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi. Kelgusi yilning o‘zida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi. Tabiiy savol tug‘iladi: bu ulkan loyihalarni kim amalga oshiradi? Kim yangi zavodlarni loyihalaydi? Kim zamonaviy ishlab chiqarish liniyalarini boshqaradi? Kim energetika ob’ektlari, transport kommunikatsiyalari va raqamli infratuzilmalarni barpo etadi? Albatta, muhandislar.
Aslida muhandisning mehnati ko‘pincha ko‘zga tashlanmaydi. Biz har kuni elektr energiyasidan foydalanamiz, internetga ulanamiz, ko‘p qavatli uylarda yashaymiz, ko‘priklardan o‘tamiz, poyezd va samolyotlarda harakatlanamiz. Bularning barchasi oddiy va tabiiy holdek ko‘rinadi. Ammo ana shu qulayliklar ortida yuzlab muhandislarning bilimi, mehnati va mas’uliyati mujassam. Chiroqning yongani ham, suvning xonadonlarga yetib kelishi ham, zavodning mahsulot ishlab chiqarishi ham tasodif emas. Bu muhandislik tafakkurining amaliy samarasidir.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, muhandislik faqat kasb emas. U taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi. Muhandis muammoni ko‘radi, tahlil qiladi va unga yechim topadi. Eng muhimi, u g‘oyani real natijaga aylantiradi. Bugun robototexnika, sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energetika, transport tizimlari, mashinasozlik, axborot texnologiyalari va tibbiy texnika sohalarida yuz berayotgan barcha o‘zgarishlar markazida muhandislik bilimlari turibdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham aynan shu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilishda sohadagi muammolar ham ochiq tan olindi. Bugun yurtimizda texnika yo‘nalishidagi 36 ta davlat oliy ta’lim muassasasida har yili o‘n minglab mutaxassislar tayyorlanmoqda. Biroq ayrim hollarda ta’lim dasturlari ishlab chiqarish ehtiyojlaridan ortda qolayotgani, muhandislarning katta qismi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamayotgani qayd etildi. Bu esa ta’lim bilan sanoat o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ana shu vazifalarni hal etishda Toshkent davlat texnika universitetining o‘rni va mas’uliyati yanada ortib bormoqda.
Qariyb bir asrlik tarixga ega mazkur oliygoh mamlakatimiz muhandislik ta’limining haqiqiy tayanchlaridan biri hisoblanadi. Universitet yurtimiz sanoati, energetikasi, geologiyasi, konchilik sohasi, mashinasozligi, neft-gaz tarmog‘i, qurilish industriyasi va axborot texnologiyalari uchun minglab yuqori malakali kadrlarni tayyorlab kelmoqda.
Bugun universitet oldiga mutlaqo yangi vazifalar qo‘yilmoqda. Endi ta’lim jarayonlari ishlab chiqarish bilan yanada yaqin integratsiya qilinadi. Dual ta’lim tizimi kengayib, talabalarning bilim olishi bevosita korxonalar bilan bog‘lanadi. Ilmiy tadqiqotlar iqtisodiyot ehtiyojlariga xizmat qiladi. Zamonaviy laboratoriyalar, muhandislik markazlari va innovatsion maydonlar yangi avlod muhandislarini tarbiyalashga xizmat qiladi.
Albatta, bu bejiz emas. Chunki kelajakda raqobat davlatlar o‘rtasida emas, texnologiyalar o‘rtasida kechadi. Texnologiyalarni esa muhandislar yaratadi.
Ayrim yoshlar muhandislik qiyin kasb deb hisoblaydi. Boisi, u matematika, mantiq, intizom va katta mehnat talab qiladi. Lekin hayotdagi eng katta natijalar ham aynan ana shu sifatlar orqali qo‘lga kiritiladi. Muhandislik insonni muammodan qochishga emas, uni hal qilishga o‘rgatadi. Tayyor imkoniyatlarni kutishga emas, yangi imkoniyatlar yaratishga o‘rgatadi.
Shu bois ota-onalar ham farzandlarining texnikaga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlashi muhim. Balki bugun kompyuterlarni qiziqib o‘rganayotgan, mexanizmlarni ajratib ko‘rayotgan yoki robototexnikaga qiziqib yurgan bola ertaga mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ixtirolar yaratadigan muhandis bo‘lib yetishar.
Bugungi qabul jarayonida qaror qabul qilayotgan har bir abituriyent shuni anglab yetishi lozimki, kasb tanlash — shunchaki diplom emas, balki kelajakni tanlash demak.
Toshkent davlat texnika universitetini tanlagan yosh shunchaki oliygohni tanlamayapti. U mamlakat sanoati, energetikasi va texnologiyalari rivojiga xizmat qiladigan muhandislik maktabini tanlamoqda. U tayyor dunyoda yashashni emas, yangi dunyoni yaratishni tanlamoqda.
Zero, g‘oyani inshootga, loyihani korxonaga, bilimni texnologiyaga aylantiradigan kuch aynan muhandislik. Muhandis bo‘lish mamlakat kelajagini qurishda bevosita ishtirok etishni anglatadi.
Sanjar SHOQO‘CHQOROV,
Toshkent davlat texnika universiteti bo‘lim boshlig‘i,
texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
O‘zA