Yangi o‘quv markazi faoliyat boshladi
Navoiy viloyati Uchquduq tumani Abay mahallasida yosh tadbirkor Gulchehra Bahromova tashabbusi bilan “NEXT” o‘quv markazi tashkil etildi.
Loyiha “Ko‘mak” dasturi doirasida ajratilgan 130 million so‘mlik imtiyozli ssuda mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-iyuldagi “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi qarori asosida hayotga tatbiq etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatlarini kengaytirish muhim ekanini ta’kidladi.

Yangi o‘quv markazida bolalar uchun maktabga tayyorlov, matematika va mantiq, motorika hamda nutqni rivojlantirish, shuningdek, rus va ingliz tillari bo‘yicha darslar tashkil etilgan.
Mazkur markaz yosh avlodning bilim olishi, intellektual salohiyatini oshirishi va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA