“Yangi kun” – e’tibor va g‘amxo‘rlik maskani
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash, oila a’zolariga ko‘mak berishga qaratilgan ijtimoiy xizmatlar ko‘lami kengaymoqda.
Shunday xizmatlardan biri – “Yangi kun” kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati. U nogironligi bo‘lgan shaxslarni kunduzgi vaqtda parvarishlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijtimoiylashuvini qo‘llab-quvvatlash hamda turli foydali mashg‘ulotlarga jalb etishga yo‘naltirilgan.
Tadbirkor Sabohat Hasanova tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi kun” xizmatiga ayni paytda 18 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs qamrab olingan.
Bu yerda har bir foydalanuvchining imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqib, kun davomida turli mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Muloqot va ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan tadbirlar ham muntazam o‘tkazib boriladi.
[gallery-31056]
Muhimi, mazkur xizmat nogironligi bo‘lgan yaqini doimiy parvarishga muhtoj oilalar uchun ham katta yengillik yaratadi. Ular kunduzgi vaqtda o‘z mehnat faoliyati yoki boshqa yumushlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Viloyatda “Yangi kun” xizmatiga ehtiyoj yuqori ekani fuqarolar murojaatlarida ham namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, 17-avgust holatiga ko‘ra, mazkur xizmatni tashkil etish istagida bo‘lgan 26 nafar tadbirkordan ariza qabul qilinib, 11 nafari bilan bitim imzolangan.
Shuningdek, xizmatdan foydalanish istagida bo‘lgan 347 nafar fuqarodan ariza qabul qilingan. Ularning 173 nafariga Ijtimoiy-psixiatrik-tibbiy komissiya tomonidan tegishli xulosalar berilgan.
Yil yakuniga qadar viloyatda “Yangi kun” xizmatini sifatli yo‘lga qo‘yish, 20 nafar tadbirkor bilan bitim tuzish hamda 350 nafardan ziyod 18 yosh va undan katta nogironligi bo‘lgan shaxsni qamrab olish rejalashtirilgan.
Bu sa’y-harakatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish va oilalariga ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA