Yangi davr oliy diplomatiyasi
Har bir davlat tashqi siyosatini amalga oshirishda diplomatik aloqalarni mustahkamlash, xalqaro munosabatlarni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikka alohida ahamiyat qaratadi. Oliy darajadagi rasmiy tashriflar nafaqat ishonchni mustahkamlaydi, balki sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ham belgilaydi. O‘zA yangi rukn orqali oliy darajadagi muloqotlar, ko‘tarilgan masalalar va imzolangan hujjatlar bo‘yicha hafta davomidagi tafsilotlarni taqdim etadi.
O‘zbekiston – Tojikiston: Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon yirik qo‘shma loyihalarni ishga tushirdi. Tomonlar 10 ta qo‘shma loyihani boshlab, Tojikistonda mebel va charm mahsulotlari korxonalarini tashkil etish, maishiy texnika va to‘qimachilik ishlab chiqarishni kengaytirish, Toshkentda turar joy va savdo ob’ektlari qurish hamda Farg‘onada konserva mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ta’minladilar. Shuningdek, Andijonda sut mahsulotlari, Surxondaryoda esa meva sharbatlari va metall briketlar ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.
Qozog‘iston – Rossiya: Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ishchi tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalari mustahkamlanishi, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik va yuqori darajadagi kelishuvlar samarali amalga oshirilishini muhokama qildilar. Toqayev Mishustinning tashrifi o‘zaro aloqalar rivojida muhim o‘rin egallashini ta’kidladi.
Saudiya Arabistoni – Ukraina: 26-mart kuni Vladimir Zelenskiy Saudiya Arabistonida qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Ma’lumki, Kiyev mintaqadagi davlatlarga havo himoyasi va dron texnologiyasi bo‘yicha tajriba taklif qilib, shu orqali Rossiyaga qarshi urushda qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlov olishni maqsad qilgan. Shuningdek, Ukraina Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga ham mutaxassislar yuborgan. Ayni payt RF bilan harbiy to‘qnashuv davom etyapti, tinchlik muzokarasi hozircha natija bermayapti.
Shimoliy Koreya – Belarus: Kecha Kim Chen In va Aleksandr Lukashenko Pxenyanda o‘tgan sammitda do‘stlik shartnomasini imzoladi. Bu haqda KCNA xabar berdi. Tomonlar diplomatiya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Kim Chen In Lukashenkoning tashrifi ikki davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Darvoqe, Belarus rahbari KXDRga ilk bor davlat tashrifini amalga oshirdi. Lukashenko esa aloqalar jadal rivojlanayotgani, xalqaro masalalarda pozitsiyalar yaqinligini bildirdi.
Keniya – Mozambik: Keniya Prezidenti Uilyam Ruto davlat uyida Mozambik Prezidenti Daniel Fransisko Chapo bilan uchrashdi. Mozambik yetakchisining Keniyaga uch kunlik davlat tashrifi arafasida bo‘lib o‘tgan suhbatda Ruto o‘zaro chuqur hamkorlik, savdo va iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni alohida ta’kidladi. Mazkur tashrif ikki davlat aloqalarini mustahkamlash, muhim yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Shuningdek, Chapo Keniyada 25-27-mart kunlari o‘tkaziladigan 4-Xalqaro investitsiya konferensiyasida maxsus mehmon sifatida ishtirok etadi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA