XX asrda qayta dafn etilgan malika
Samarqand shahrida Siyob bozori yaqinida Amir Temur jome masjidi ro‘parasida Saroymulkxonim – Bibixonim maqbarasi joylashgan.
Maqbara XIV asr oxirida Saroymulkxonim tomonidan qurilgan madrasaning tarkibiy qismi sifatida, malikaning onasi sharafiga bunyod etilgan.
Bibixonim madrasasidan bizgacha hech narsa yetib kelmagan. Biroq uning yuqori qismida joylashgan maqbara hanuz qad ko‘tarib turibdi. Ushbu maqbara ham Amir Temur maqbarasi singari ikki qavatli – sag‘ana va ziyoratxonadan iborat qilib qurilgan. Maqbaraning ikki qavat ekanligi, ya’ni yerto‘la qismida qabrlar borligini 1875 yilgacha hech kim bilmagan. Shu yili zilzila sodir bo‘lib sag‘ananing shifti qulab tushadi va shundan so‘ng bu yerda tobutlar borligi ma’lum bo‘lib, xalq orasida bu tobutlardan biri Bibixonimga tegishli ekanligi xususida gap tarqaladi.
Maqbaradagi qabrlar dastlab 1875 yilda ochilgan. Ikkinchi marta 1926 yilda bir guruh o‘g‘rilar tomonidan ochiladi. Ular tobutlarni titib, marhumlarning taqinchoqlari va boshqa buyumlarini o‘g‘irlagan.
1941 yilda Amir Temur maqbarasidagi qabrlar bilan bir vaqtda Bibixonim maqbarasidagi qabrlar ham ochiladi. Natijada tobutlardan biri Bibixonimga tegishli degan to‘xtamga kelinadi.
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondlarida ushbu mavzuga aloqador hujjatlar saqlanadi. Ularni o‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, tadqiqotlardan so‘ng Saroymulkxonimning mo‘miyolangan jasadi Toshkent shahridagi o‘sha vaqtdagi Shpilkova (hozirgi Rakatboshi) ko‘chasida joylashgan va 1937 yilda tashkil etilgan hunarmandchilik muzeyiga topshirilgan ekan.
1946 yilda Samarqand muzeyi direktori Mamat Yusupov hunarmandchilik muzeyida tashkil etilgan ko‘rgazmaga boradi. Ko‘rgazma davomida muzey direktori unga namoyish etilayotgan maxsus qutiga joylangan usti oynali qopqoq bilan yopilgan Saroymulkxonimning mo‘miyolangan jasadini ko‘rsatadi. Shundan so‘ng M.Yusupov malika jasadini Samarqandga olib kelish va o‘z joyiga qayta dafn etish uchun O‘zbekiston ministrlar soveti huzuridagi madaniy-oqartuv muassasalari ishlari komiteti (keyinchalik madaniyat vazirligi)ga murojaat qiladi.
Komitetning 1946 yil 14 sentyabrdagi №1376-sonli buyrug‘i bilan malika jasadini Samarqandga qaytarish va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarix va arxeologiya instituti arxeologiya sektori rahbari V.Shishkin rahbarligida qayta o‘z joyiga dafn etishga ruxsat beriladi. Ushbu olim qabrlarni ochish ishlarida ham ishtirok etgan edi.
Malika jasadi Mamat Yusupov tomonidan maxsus qutiga joylanib, to‘rtta yollanma ishchi ko‘magida Toshkent aerodromiga olib kelinadi. Biroq o‘sha kuni samolyot bo‘lmaganidan jasadni aerodrom omborxonasida saqlashga majbur bo‘linadi. Keyingi kun samolyot yordamida Samarqandga olib kelinib, aerodromdan muzeygacha muzeyning xizmat mashinasida keltiriladi.
Endi malika jasadini o‘z joyiga qayta dafn etish ishlari qolgan edi. Yuqorida ta’kidlanganidek, bu jarayonga O‘zbekiston ministrlar soveti huzuridagi madaniy-oqartuv muassasalari ishlari komiteti buyrug‘iga ko‘ra V.Shishkin rahbarlik qilishi kerak edi. Biroq V.Shishkin arxeologik ekspeditsiyada bo‘lganligi sababli Samarqandga kelishi cho‘zilib ketadi.
Shundan so‘ng 1950 yil 10 iyun, shanba kunida Samarqand viloyat arxitektura ishlari bo‘limi, Samarqand muzeyi, O‘zbekiston fanlar akademiyasining Samarqand bo‘limi, Davlat xavfsizlik ministrligi vakillari 20 dan ortiq olim va mutaxassis ishtirokida mayit o‘z joyiga qayta dafn etiladi.
Hozirda Bibixonim maqbarasi muzeyga aylantirilib, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufiga olingan.
Mahmudxon Yunusov,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi
bosh muhofizi