Xorijga turmushga chiqayotgan qizlar...
Soʻnggi vaqtlarda qizlarimizning xorijliklarga turmushga chiqayotganini eshitib, hayratlanmay qoʻydik. Sababi, bu kabi holatlar ijtimoiy tarmoqlarda, mahalla - koʻyda koʻp uchrayotganligidan quloqlarimiz ham oʻrganib qoldi,shekili.
Mulohaza
Soʻnggi vaqtlarda qizlarimizning xorijliklarga turmushga chiqayotganini eshitib, hayratlanmay qoʻydik. Sababi, bu kabi holatlar ijtimoiy tarmoqlarda, mahalla - koʻyda koʻp uchrayotganligidan quloqlarimiz ham oʻrganib qoldi,shekili.
Ilgari, viloyatlararo bogʻlangan quda-andachilik rishtalarini eshitsam, yuragim bir ogʻrib qoʻyardi. Bugun “zamonaviylashib”, “dunyoqarashimiz oshib” quchogʻimizda ulgʻaygan, koʻz oldimizda voyaga yetgan, ibosiyu hayosiga butun dunyo havas qiladigan oʻzbegim malaklarini qoʻshqoʻllab oʻzga davlatning fuqarolariga kelinlikka topshirayapmiz.
– Qizlarimizning ayrimlari Koreya, Xitoy va boshqa xorijiy davlatlarga hoyu-havas ortidan ergashib, turmushga chiqib ketyapti, – deydi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boshqarmasi boshligʻi Mukarram Nurmatova.
– Biz bunda qizlarimizni Vatanga muhabbat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda boʻshliq bor ekanligini koʻryapmiz. Mamlakatimizda xotin-qizlarga juda katta sharoitlar yaratilgan, yaratilmoqda. Qiyoslash uchun bir misolga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. 2019-yil 2-sentyabrda Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi boʻlib “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Buni boshqa davlatlarga solishtirib talqin qiladigan boʻlsak, hali baʼzi qoʻshni davlatlarda ham gender tengligi masalasi boʻyicha qonun qabul qilish u yoqda tursin, ular mana shu masalani endi koʻrib chiqishyapti. Yoki tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha ham eng rivojlangan mamlakatlarning koʻpida bu qonun qabul qilinmagan.
Ilgari turmush oʻrtogʻi bilan yoki qaynonasi bilan kelisha olmay koʻchada qolgan ayollarni qanday himoya qilishni bilmasdik. Hozir tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollarimizni davlat oʻz himoyasiga olganligi, ularning huquqlari qonun bilan kafolatlanganligining guvohi boʻlayapmiz. Bundan tashqari, ayollarni munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash maqsadida bu yil qizlarimiz uchun oliy oʻquv yurtlariga alohida qabul kvotalari joriy etildi.
Chunki oʻqimishli, oliy maʼlumotli ayol oilada ham, ishda ham, jamiyat hayotida ham hamma narsaga ilm-maʼrifat bilan, ongli va faol yondashadi, munosib ishtirok etadi. Respublika boʻyicha joriy yilning oʻtgan davrida ishga muhtoj boʻlgan 109 ming 717 nafar xotin-qizning mahallada roʻyxatlari shakllantirildi, ushbu roʻyxat asosida “Ayollar daftari” ishlab chiqildi. 99, 1 ming nafar xotin-qiz doimiy ishga joylashtirildi. 11,5 ming nafar xotin-qiz mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitildi.
“Respublika hududlarida 2020-yilda ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlar bandligini taʼminlash dasturi”ga asosan, joriy yilning oʻtgan davrida 5,5 ming nafar xotin-qizning bandligi taʼminlandi.
Xoʻsh, horijiy davlatlarga turmushga chiqishga “havasmand”larning ortida qanday sabablar, qanday omillar turibdi?
Bu masalaga har xil nuqtayi nazar bilan yondashish mumkin. Avvalo, aytish kerakki, kimga turmushga chiqish yoki qaysi davlatga borib yashash insonning oʻz huquqi hisoblanadi. Masalan, koreysga tegma, oʻzbekka teg deyishga ham haqqimiz yoʻq. Lekin aslini olganda, muammoning ildizi boshqa joyda. Hammasi oilaviy tarbiya, ota-onaning farzandga boʻlgan munosabatiga bogʻliq.
Yoki bolalarning qarovsizligi, taʼlim muassasada, mahallada tarbiyasi ogʻir, yengil hayotga oʻch boʻlgan qizlarning eʼtibordan chetta qolishi oqibatida mana shunday holatlar yuzaga kelayapti, deb oʻylayman. Tahlil qiladigan boʻlsak, baʼzi oilalarda ota-ona xorijga ishlashga ketgan. Qizi xolasining yoki keksa buvisining qoʻlida qolgan. Yoki ona xorijga ishlashga ketgan, otasi qiz bola tarbiyasi bilan shugʻullana olmagan. Er-xotin ajrashgan, bolalar buvisining qoʻlida, onasi boshqa turmush qurgan. Mana shunday holatlarda qizlarimiz bizning nazarimizdan chetda qolmoqda.
Xorijga turmushga chiqib, turmushi “oʻxshamagan” ayollar bilan suhbatlashganimizda, koʻpchiligi moddiy tomondan yetishmovchilik boʻlgani uchun xorijga turmushga chiqayotganini, u yerdan pul yuborib, oilamga yordam qilaman, degan maqsadni koʻzlaganini bildirmoqda.
Mamlakatimizda 203 ta tuman bor. Bularning hammasida xotin-qizlar jamoat kengashlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondidan har yili tadbirkorlik markazlariga 100 milliard soʻm ajratiladi. Ular orqali tadbirkorlikni boshlamoqchi boʻlgan ayollarga kredit ajratiladi. Joriy yilda shu maqsadda 92 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Har yili eng kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan, nogiron farzand tarbiyalayotgan yoki boquvchisini yoʻqotgan, yolgʻiz ayollarga uy-joyning birinchi badali toʻlab beriladi. Joriy yilda 852 nafar ayolga hozirgacha 14 milliard 563 ming soʻm mablagʻ ajratilgan.
–Xotin-qizlarimizning mana shunday xatti-harakatlari yuragimga ogʻir botadigan nuqtalardan biri, – deydi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xotin-qizlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent, Farida Abdurahimova. – Oʻylab koʻrilsa, yurtimizda ayollarga, qizlarga eʼtibor bor. Gʻamxoʻrlikning chek-chegarasi yoʻq. Bu yil ayollarni oliy oʻquv yurtlariga qabul qilish boʻyicha qishloqlardagi, uzoq chekka hududdagi xotin-qizlarimizga grant asosida mingga yaqin joylar ajratilib berildi.
Lekin shuncha gʻamxoʻrliklarga qaramasdan xorijiy fuqarolarga turmushga chiqish holatlari nimagadir koʻpaymoqda. Oilashunos olima sifatida bu haqda juda koʻp oʻylayman, tahlil qilaman, sabablarini izlashga harakat qilaman. Ayrim ayollar bilan suhbatlashaman. Yaqinda bir qiz bilan suhbatlashdim. Ishlash maqsadida Arab davlatiga ketib, u yerda fohishaxonalarda boʻlgan. Bir farzand koʻrgan. Tashqi ishlar vazirligimizning aralashuvi bilan Oʻzbekistonga farzandi bilan birga qaytarilgan. Farzandining na guvohnomasi bor, na ismi sharifi. Ayol bolasining otasi kimligini bilmaydi. Endi uyimga qaytib bora olmayman, aka-ukalarim meni tirik qoʻymaydi, deydi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir oʻzbek ayoli koreyalik fuqaroga turmushga chiqqani va Koriya davlatida vafot etgani, Mayit 10 kun sarson boʻlgani, musulmon diniga mansub insonlar mayitni soʻnggi manzilga kuzatgani haqida lavha eʼlon qilindi.
Bu surishtirmay-netmay xorijga turmushga chiqib ketayotgan qizlarga achchiq saboq boʻlishi kerak.
Bundan 2 yil ilgari xitoylik erkakka turmushga chiqqan namanganlik 22 yoshli Muborak (ismi oʻzgartirilgan) Xitoyda ne azoblarni koʻrmadi deysiz. Bu ayolning suhbatini eshitgach, balkim xorijga erga tegish istagini bildirgan qizlar, ularning ota-onalari oʻzlariga xulosa chiqarib olar deb oʻylaymiz:
– Nochor oilada yashardik. Dadam katta miqdorda pul qarz boʻlib qoldi. Bor-budimizni sotdik. Dadam qamalib chiqdi. Uning ustiga onamning sogʻligʻi yomonlashdi. Doʻxtirlar onamni operatsiya qilmasak boʻlmaydi, deyishdi. Shunda dadamga qoʻshnimiz sovchilik agentligi borligi, xorijga qizlarni turmushga berish evaziga yaxshi qalin puli berilayotganini aytadi. Dadam menga qizim xitoylik bir kuyov bor ekan. Yaxshi inson deyapti. Unga turmushga chiqsang, baxting ochilib ketar. Bizga har oy pul yuborib turishini aytyapti. Shunda uy-joy degandek, oilamizni moddiy tomondan tiklab olarmidik, dedilar. Men bu taklifga rozi boʻldim.
Ne umidlar bilan turmushga chiqib, Xitoyga koʻchib kelgandim. Menga sovchilik agentligi bu insonning juda boy-badavlat ekanligini aytgandi. Ammo kelsam Xitoyning bir qishlogʻida yashovchi dehqon ekan. Kelishim bilan telefonim, hujjatlarimni olib qoʻydi. Dalada ishlashga majburladi. U bilan 4 oy yashagan boʻlsam, bor xoʻrliklarni koʻrdim. Tilini bilmaganim uchun uning soʻzlariga tushunmasdim.
Ketaman, desam meni uyga qamab qoʻyardi. Bir amallab Oʻzbekistoning Xitoydagi elchixonasini topib bordim. Ularga rahmat, meni Vatanimga qaytardi. Hozir Namanganda ishlayapman. Opa-singillarimizga shuni aytgan boʻlar edim: xorijga turmushga chiqmang. Dini, tili, mentaliteti boshqa odam sizni baxtli qila olmaydi. Turli sovchilik agentliklarining qop-qop vaʼdalariga ishonmang!
Namanganlik Sadoqat (ismi oʻzgartirilgan) soʻnggi yillarda xorijga turmushga chiqqan oʻnlab oʻzbekistonlikning biri. U Namangan viloyatida bir sayyoh xitoylik fuqaro bilan tanishib qoladi. Ikkalasi Oʻzbekistonda maʼlum muddat gaplashishadi. Xitoy tilini bilmagan Sadoqat telefondagi Google tarjimasi orqali suhbatlashganini aytdi.
–Oʻtgan yilning sentyabr oyida xitoylik bir yigit bilan tanishib qoldim, – deydi namanganlik Sadoqat Malikova. (ismi familiyasi oʻzgartirilgan.) – Ikkalamiz bir-birimizni koʻngil qoʻydik. – U menga uylanib, Xitoyga olib ketishini, oilamga pul yuborib turishini aytdi. Ota-onam 7 yoshimda ajrashib ketishgan. Onam ikkinchi guruh nogironi. Onamning ota hovlisida yashaymiz. Togʻalarim hovlining ikki sotix joyini bizga ajratib bergan. Bir xonali uyda onam, ukam, bobom bilan yashardik. Toʻgʻrisini aytsam, oilamizga moddiy tomondan yordam boʻlar, degan maqsadda xitoylik fuqaroga turmushga chiqishga qaror qildim.
Onam, qarindoshlarim bunga qarshilik qilishdi. Ammo men soʻzimda turib oldim. Biz turmush qurdik. Xitoyga borganimdan keyin biroz vaqt oʻtib, homilador boʻlib qoldim. Kelsam, oʻrtahol oila ekan. Erim va singlisi bir korxonada ishlaydi. Qaynonam, qaynotam yoshi katta. Erimning aytishicha, uning onasi “oʻzbek qiziga uylan, ular mehnatkash, vafodor boʻladi. Buni eʼlonlarda koʻp oʻqiganman” deb aytgan ekan. Shuning uchun menga uylangan ekan. Oradan vaqt oʻtgach, erimning boshqa bir xotini borligini bilib qoldim. Shundan munosabatlarimiz buzildi. Men uyga qaytishimni aytganimda hujjatlarimni olib qoʻydi.
Begona yurtlarda musofir boʻlib yashash qiyin ekan. Juda oʻzim yolgʻizlanib qoldim. Yaqinlarimni sogʻindim. Yurt sogʻinchi qiynadi. Shu boisdan bir amallab Oʻzbekistonning Xitoydagi elchixonasiga kelib, yordam soʻradim. Shu yilning fevral oyida Oʻzbekistonga keldim. Oʻgʻil farzandli boʻldim. Hozir oʻgʻlim 8 oylik boʻldi. Xitoyga turmushga chiqqanimga juda afsuslanaman!
Rasmiy idoralarning maʼlumotiga qaraganda, 2006-2008 va 2020-yillarda oʻzbek qizlarining Janubiy Koreya, Xitoyga turmushga chiqishlari avj olgan. Turmushga chiqqanlarning 90-95 foizi hali hayotni yaxshi anglamagan yosh qizlardir. Qizlarimizga xaridor kuyovlarning yoshi esa 35 – 50 yoshlarda…
Toʻgʻri, qonunlarimizda har kim xohlagan kishiga, xohlagan yerga turmushga chiqishi fuqaroning ixtiyoriy ravishdagi tanlovi hisoblanadi. Bu borada hech qanday qonuniy cheklov ham yoʻq. Biroq yozilmagan qonunlar bor… Milliy gʻurur, iftixor, Vatanga muhabbat degan muqaddas tuygʻularni faqat qalbdan his etish kerak!
Bu toʻgʻrida siz nima deysiz?