O‘zbekiston – Qozog‘iston: Ikki qadim va qardosh el
Toshkent "Turkiy dunyoning ma’naviy merosi: Adabiyot – davrlar va avlodlar muloqoti" forumi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston adiblarini birlashtirdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida 3-sentabr kuni ikki davlat rasmiy vakillari, yozuvchi va shoirlari, adabiyot ilmining yetuk olimlari to‘plandi. Anjumanning ahamiyati va o‘ziga xosligi bir misolda yaqqol namoyon. Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan maqol bor. Bo‘stonliq tumanida tug‘ilib o‘sgan, qozoq tilida ijod qilgan adib Rahmatilla Rayimqulov o‘zidan hamisha yashnab turuvchi adabiy bog‘ barpo etib ketdi. Bu chaman bugun ham ikki xalq badiiy adabiyoti rivojiga xizmat qilyapti. Ayni haqiqat tadbir davomida alohida ta’kidlandi.

O‘zbek – Qozoq birodarligi haqida har ikki el mudom jo‘shib gapiradi. Qo‘shib, to‘lib-toshib aytadi. Shu ma’noda adabiyot namoyandalari o‘qigan she’rlar barchaning qalbini jo‘shtirgani ham rost. Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerali Tugjanovdan anjuman haqidagi fikrlarini so‘radik.
– Hurmatli elchi, shubhasiz, bugungi yirik anjuman xalqlarimizni yanada jipslashtiradi, birlashtiradi: ham adabiyotimiz, ham ko‘ngillarimiz, ham bepoyon kengliklarimizni. Umuman, forumdan olgan taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Bu anjuman tarixiy voqea, deyishga to‘liq haqlimiz. Yil sayin do‘stligimiz mustahkamlanyapti. Ayniqsa umumiy qadriyatlarimizni adabiyot orqali o‘zaro anglab borayotganimiz quvonarli. Do‘stlikda gohida olov, gohida tog‘day g‘ov bor. Vaholanki, bugungi birodarlik munosabati, so‘zsiz, xalqlarimiz asriy qondoshligini tiklayapti.
Tarixiy safarimiz – Yozuvchilar uyushmasi forumidagi ishtirokimiz davomida har bir adibimiz yuragi jo‘shib turibdi. Ko‘ngillarni ilitayotgan uchrashuvlar chog‘i ajoyib rejalar tuzilyapti. Har bir aytilgan so‘z ko‘ngildan chiqmoqda. Shularning bariga guvohmiz. O‘zagimiz bir, tariximiz bir, tilimiz bir. Turkiylar boshi qo‘shilmay, kimning boshi qo‘shilsin?! Qurultoydan so‘ng Toshkentga Qozog‘iston rasmiy delegatsiyasi keldi. Bugun Prezident Qosim-Jomart Toqayevning anjumanga yo‘llagan tabrigini Davlat maslahatchimiz o‘qib berdi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi umumta’lim maktabiga O‘zbekistonda tug‘ilgan qozoq millatiga mansub taniqli adib Rahmatilla Rayimqulov nomi berildi. Bu ikki el sarhadsiz aloqalarining birgina ko‘rinishi, xolos.
Yana bir jihat bor: yaylovni birga kezgan, uzoq-uzoq o‘tmishdan yonma-yon odimlab kelayotgan ikki el har doim yo‘ldosh. Yorug‘ kunlarimiz barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!
O‘zbek – Qozoq adabiyoti hamkorligi jarayoni tilimiz, qardoshligimiz ildizlari naqadar chuqurligidan darak beradi. Bugungi kunda esa asriy adabiy aloqalarimiz davlat rahbarlarining bevosita qo‘llab-quvvatlovi tufayli yangicha mazmun kasb etdi.
Abdug‘afur Mamatov,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari