Xorazm viloyatida “Kasblar festivali” o‘tkazildi
Urganch shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida “Kasblar festivali – 2026” bo‘lib o‘tdi.
Keng ko‘lamda tashkil etilgan festival doirasida viloyatdagi barcha texnikumlar o‘zlarining mavjud ta’lim yo‘nalishlari, amaliy ishlanmalari va innovatsion loyihalari bilan ishtirok etdi.
Ko‘rgazmali pavilonlarda oshpazlik, sartaroshlik, turizm va mehmonxona xo‘jaligi, energetika, tibbiyot, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa sohalar bo‘yicha amaliy namoyishlar tashkil qilinib, umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari uchun kasbga yo‘naltiruvchi targ‘ibot ishlari olib borildi.
[gallery-29360]
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, 2026-yildan boshlab har yili 5-may sanasi “Kasb va mehnat kuni” sifatida keng nishonlanishi belgilangan, – deydi Kasbiy ta’lim agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Otabek Saidov. – Ushbu muhim tashabbus doirasida jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kasblar jozibadorligini oshirish, kasbiy ta’limni ommalashtirish va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda, jumladan, viloyatimizda ham ilk bor “Kasb va mehnat kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur festival aholining, ayniqsa, yoshlarning kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltirish hamda kasbiy ta’limning ahamiyatini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Festivalda doirasida yoshlar uchun kasb egalarining mahorat darslari, interaktiv taqdimotlari, amaliy chiqishlar va ijodiy ko‘rgazmalar barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, tadbirda ish beruvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etib, yoshlarga mehnat bozoridagi ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan “Kasblar festivali – 2026” nafaqat kasbiy ta’limni rivojlantirishga xizmat qilmoqda, balki jamiyatda mehnatga bo‘lgan hurmatni yuksaltirish, yoshlarning kelajak kasbini ongli ravishda tanlashiga ko‘maklashuvchi muhim ma’rifiy va ijtimoiy tashabbus sifatida e’tirof etildi.
Mazkur festival kelgusida ham kasbiy ta’lim muassasalari, ish beruvchilar va yoshlar o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbiri