Ayollar huquqlarini ta’minlashning psixologik jihatlari: Huquqiy kafolat va ruhiy barqarorlik uyg‘unligi
Har qanday jamiyatning taraqqiyot darajasi unda inson qadr-qimmati, tenglik va adolat tamoyillari qay darajada ta’minlangani bilan belgilanadi. Ayniqsa, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash masalasi bugungi kunda nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy, ma’naviy va psixologik ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Zero, ayol huquqlarining ta’minlanishi oila barqarorligi, farzand tarbiyasi, jamiyatdagi sog‘lom ijtimoiy muhit va davlatning istiqbolli rivojlanishi bilan bevosita bog‘liqdir.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash hamda ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Biroq ayollar huquqlarini ta’minlash masalasi faqat qonunlarda huquqlarni belgilash bilan cheklanmaydi. Ularning amalda to‘laqonli ro‘yobga chiqishi uchun ayollarning psixologik xavfsizligi, o‘zini qadrlash hissi, huquqiy ongi va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Tarixiy nuqtai nazardan qaraganda, ayollar huquqlari uchun harakat inson qadr-qimmati va adolat g‘oyalari bilan chambarchas bog‘liq holda shakllangan. 1993-yilda Vena shahrida bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Jahon konferensiyasida insoniyat tarixida ilk bor ayollar va qizlarning huquqlari umuminsoniy huquqlarning ajralmas va bo‘linmas qismi ekani e’tirof etildi. O‘zbekistonda bu boradagi islohotlar xalqaro standartlar bilan birga milliy qadriyatlar va tarixiy merosga ham tayanadi. Xalqimiz azaldan ayolni oila va jamiyatning ma’naviy tayanchi sifatida e’zozlab kelgan. To‘maris, Bibixonim, Nodirabegim va Zulfiya kabi siymolarning hayoti ayol kishining davlatchilik va ma’naviyat rivojida tutgan o‘rni beqiyos ekanini yaqqol tasdiqlaydi.
Milliy qonunchiligimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning kompleks tizimi yaratildi. 2019-yilda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun hamda 2026-yil 3-martdagi Prezident Farmoni ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli ta’minlashda muhim huquqiy hujjatlar bo‘ldi. Mazkur hujjatlar asosida “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy, psixologik, tibbiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayonda prokuratura, ichki ishlar va adliya organlari jabrlangan ayollarga huquqiy maslahat berish, himoya orderi talablari ijrosini nazorat qilish va ularning qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qilish bo‘yicha aniq vazifalarni amalga oshirmoqda.
Psixologik jihatdan tahlil qilinganda, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayol uchun nafaqat jismoniy xavfsizlik, balki ruhiy barqarorlik va “emotsional xavfsizlik” muhiti birinchi darajali ahamiyatga ega. Psixologiyada inson o‘zini eshitilgan va qadrlangan muhitda his qilsa, unda muammoni yashirishga emas, balki uni hal qilishga bo‘lgan ichki tayyorgarlik kuchayadi. Shu bois ayollar bilan ishlashda inqiroz psixologiyasi va reabilitatsiya mexanizmlari huquqiy islohotlarning amaliy samaradorligini oshiradi. Malakali psixologik yordam ayolga qo‘rquv, uyat va aybdorlik hissini yengishga, o‘z shaxsiy qadrini qayta tiklashga ko‘maklashadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ayollar huquqlari tarixi faqat siyosiy huquqlar uchun kurash emas, balki ayolning shaxs sifatida tan olinishi va ruhiy mustaqilligi tarixidir. Zamonaviy O‘zbekistonda ayol nafaqat himoya ob’ekti, balki jamiyat taraqqiyotida faol ishtirok etadigan, mustaqil qaror qabul qiluvchi sub’ekt sifatida ko‘rilmoqda. Huquqiy kafolatlar va psixologik qo‘llab-quvvatlashning uyg‘unligi esa xotin-qizlarning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va davlatimizning barqaror yuksalishiga xizmat qiladi.
Dilnoza BARLIBAEVA,
Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilikni tahlil
qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti xodimi
O‘zA