Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Urganch tumanida “Yangiyo‘l tajribasi” asosida yoqilg‘i-energetika tizimidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha yo‘l xaritasi ijrosi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyat prokurorining o‘rinbosari X.Yovbosarov hamda sohaviy tashkilotlar va mas’ullar ishtirok etdi. Asosiy e’tibor aholi va ishlab chiqarish korxonalarini barqaror quvvat ta’minoti bilan ta’minlash, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish va samaradorlikni oshirishga qaratildi.

Tadbirda “Yangiyo‘l tajribasi”dan kelib chiqqan holda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish, gaz va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish orqali uzluksiz ta’minotni ta’minlash, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish kabi yo‘nalishlar belgilab olindi.
***
Xiva shahridagi "Nurli maskan" maktab-internati xodimlariga korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Xorazm viloyati boshqarmasining korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazoratini amalga oshirish bo‘yicha bosh mutaxassisi A.Avezov tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablari, davlat xizmatchilari uchun belgilangan odob-axloq qoidalari hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Yig‘ilish davomida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi hamda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunlar va ichki idoraviy hujjatlar talablariga so‘zsiz rioya etish zarurligi alohida ta’kidlandi.
***
Yangiariq tumani hokimligi tomonidan migratsiyadagi yoshlar bilan onlayn muloqot o‘tkazildi.
Muloqot davomida yoshlarni qiynayotgan masalalar tinglanib, ularni hal etish yuzasidan zarur tavsiyalar va amaliy ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xavfsiz hamda qonuniy mehnat migratsiyasini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Tumanda migratsiyadagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular bilan doimiy ravishda onlayn uchrashuvlar, ochiq muloqotlar tashkil etib boriladi, – deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari S.Jabborov. – Har bir murojaat va taklif alohida nazoratga olinib, amaliy yechim topish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Tadbirda ta’kidlandiki, yoshlarning xorijda qonuniy asosda ishga joylashishi, munosib mehnat sharoitlariga ega bo‘lishi hamda turli xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida Migratsiya agentligi bilan yaqin hamkorlikda tizimli ishlar olib borilmoqda.
***
Xonqa tumanida g‘o‘zani parvarishlash va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Seminarda mutaxassislar tomonidan maxsus preparatlarni qo‘llash tartibi va uning afzalliklari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, dala maydonlari va ularning atrofini obodonlashtirish, plastik hamda boshqa turdagi chiqindilardan tozalash bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA