Jizzaxda zamonaviy infratuzilma sari yangi qadam
Jizzax viloyatida aholi uchun xavfsiz va qulay yashash muhitini yaratish, transport infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish hamda yo‘l harakati xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan yirik loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar nafaqat hududning tashqi qiyofasini yangilamoqda, balki fuqarolarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan muhim ijtimoiy vazifalarning amaliy yechimiga ham xizmat qilmoqda.

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan qator ob’ektlarda qurilish ishlarining borishi Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan o‘rganib chiqildi. Bu o‘rganishlar jarayonida Jizzax shahrida qurilayotgan yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi, shuningdek, Sharof Rashidov tumanida kapital ta’mirlanayotgan yo‘l o‘tkazgichida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Mas’ullar ishtirokida qurilish sur’ati, sifat ko‘rsatkichlari hamda belgilangan muddatlarda bitkazilishi atroflicha muhokama qilindi.

Jizzax shahrining Sharof Rashidov shoh ko‘chasi va Buyuk Turon ko‘chasi kesishmasidagi serqatnov chorrahada uzunligi 160 metr bo‘lgan zamonaviy yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi barpo etilmoqda. Loyihani amalga oshirish uchun 2026-yilda 28 milliard 175 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Ob’ektning loyiha-smeta hujjatlari “MegaTekInjiniring” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, qurilish ishlarini “Kamoliddin Fayz Baraka” MCHJ amalga oshirmoqda.
Hozirga qadar mazkur inshoot uchun 7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, shundan 6 milliard 968 million so‘mi moliyalashtirildi. Pudratchi tomonidan esa 8 milliard 63 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.

Qurilish maydonida yer osti muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ko‘chirish ishlari to‘liq yakunlangan. Shuningdek, kotlovan qazish, poydevor uchun armatura karkaslarini o‘rnatish va betonlash ishlari ham bajarildi. Ayni vaqtda barcha ishlar tasdiqlangan reja asosida jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda.
Ushbu yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi ishga tushirilgach, serqatnov chorrahada piyodalar xavfsizligi sezilarli darajada yaxshilanishi, transport oqimi yanada samarali tashkil etilishi hamda tirbandliklarning kamayishi kutilmoqda.

Viloyatda davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni yangilash ishlari ham keng qamrovda davom etmoqda.
Loyiha doirasida ko‘prik inshootining mustahkamligini oshirish, uning xizmat muddatini uzaytirish, transport harakati xavfsizligini ta’minlash hamda zamonaviy muhandislik standartlariga javob beradigan infratuzilmani shakllantirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bilan bir qatorda atrof-muhitni muhofaza qilish va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham izchil davom etmoqda. Jumladan, D-047 avtomobil yo‘lidagi Navbahor aylanma ko‘prigi atrofida tashkil etilayotgan yashil hududda qariyb 30 gektar maydonga 10 ga yaqin turdagi 35 ming tupdan ortiq manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, ularni muntazam parvarishlash ishlari olib borilmoqda.
Ko‘chatlarning yaxshi o‘sishini ta’minlash maqsadida yerlarni yumshatish, begona o‘tlardan tozalash, sug‘orish ariqlarini barpo etish, zararkunanda va hasharotlarga qarshi profilaktik ishlov berish hamda tomchilatib sug‘orish tizimi orqali muntazam sug‘orish ishlari tashkil qilingan.

Yashil hududni saqlash va parvarishlash ishlariga 40 nafar ishchi jalb etilgan bo‘lib, ular tomonidan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uzluksiz davom ettirilmoqda.
O‘rganish yakunida viloyat hokimi barcha ob’ektlarda qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, yuqori sifat bilan yakunlash, qurilish madaniyati talablariga qat’iy amal qilish hamda har bir loyihaning aholi manfaatlariga xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan mazkur infratuzilma loyihalari hududning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, transport tizimi samaradorligini oshirish, yo‘l harakati xavfsizligini mustahkamlash hamda aholi uchun yanada qulay hayot muhitini yaratishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, bunday loyihalar iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va mamlakatda barqaror infratuzilma rivojini ta’minlash yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari