Xizmatlar aholiga manzur bo‘lmoqda
Do‘stlik tumani davlat xizmatlari markazi 2020 yilda yuridik va jismoniy shaxslarga jami 36 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatdi.
Jizzax viloyatidagi namunali davlat xizmati markazlaridan biri bo‘lgan mazkur markaz o‘tgan yili sentyabr oyida o‘zining yangi binosiga ega bo‘lgan edi. Yangi idorada mijozlar va markaz xodimlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Binoda tuman adliya bo‘limi, Xalq qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi, FHDYO, kutubxona va notariuslar ham joylashgani, bolalar maydonchasi va BAR xizmati yo‘lga qo‘yilgani aholiga qo‘shimcha qulaylik tug‘dirmoqda.
bugungi kunda markazda aholiga 150 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilayotir. Ushbu xizmatlarning ijro etilishida mas’ul bo‘lgan tashkilotlar yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilingan.
[gallery-602]
Davlat xizmatlarini oluvchi fuqarolar uchun elektron navbatlar bilan tartibga solingan. Bunda uyda turib ham davxizmat.uz portaliga kirib navbat olsa bo‘ladi. Markazda fuqarolarning chaqiruvi asosida yashash manziliga borib ekspress xizmat, ariza javoblarini pochta orqali manziliga yetkazib berish - gibrid pochta xizmati, joylarga chiqib sayyor xizmat, bitta hujjat bilan bir nechta xizmatni amalga oshiradigan kompozit xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Markaz jamoasi aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi va soni ko‘paytirish xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirishga ham astoydil harakat qilayotir.
Jamshid YORBEKOV olgan suratlar, O‘zA