Xitoylik investor bilan uchrashuv o‘tkazildi
Navoiy viloyati Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev xitoylik investor Xiao Yiku bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Nurota tumanida granitni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish, ayni paytda loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Loyiha doirasida kelgusida granit xomashyosini qazib olish, chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda hududning eksport salohiyatini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv yakunida loyihani amaliy bosqichga olib chiqish, belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish va hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri