Global iqtisodiyot sari: O‘zbekiston qanday natijalarga erishmoqda?
So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti ochiqlik, tarkibiy islohotlar va xalqaro iqtisodiy makonga faol integratsiyalashuv bosqichini boshdan kechirmoqda. Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillariga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘lkaning tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 20,7 foizga oshdi. Jumladan, eksport hajmi 33,8 milliard dollarga, import esa 47,4 milliard dollarga yetdi.
Mazkur o‘sish tendensiyasi 2026-yilda ham davom etmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-avgust oylarida mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 57,4 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,6 foizga ko‘paydi. Ushbu davrda eksport 22,9 milliard dollar, import esa 34,5 milliard dollarga teng bo‘ldi.
E’tiborlisi, respublikamizning tashqi savdo aylanmasi o‘sishi bilan bir qatorda uning tarkibida ham muayyan o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida oltinni hisobga olmaganda, tovarlar eksporti 11,5 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga oshdi. Bu esa yurtimizning oltindan tashqari ham eksport salohiyati kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Milliy iqtisodiyotning xalqaro bozorlar bilan integratsiyalashuvida investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilinib, o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablag‘larining umumiy hajmi 43,1 milliard dollarni tashkil etdi. Shundan 38,2 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, 4,9 milliard dollari esa xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xorijiy sarmoyadorlarning diyorimiz iqtisodiyotiga qiziqishi mamlakatda chet el kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar sonida ham o‘z ifodasini topmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga bunday korxonalar soni 18 164 tani tashkil etgan bo‘lsa, 1-martga kelib 18 770 taga yetdi.
Mazkur ko‘rsatkichlar xorijiy kapital ishtirokidagi tadbirkorlik faoliyati kengayib borayotganini anglatadi. Ayniqsa, sanoat, energetika, infratuzilma va logistika kabi yo‘nalishlarga investitsiyalar jalb etilishi iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Tashqi savdo geografiyasida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. 2026-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston dunyoning 200 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirdi. Ushbu davrda mamlakat tashqi savdo aylanmasining eng katta ulushi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelib, 23 foizni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Rossiya – 16 foiz, Qozog‘iston – 6,5 foiz, Turkiya – 3,4 foiz va Afg‘oniston – 2,5 foiz bilan qayd etildi.
Bu raqamlar O‘zbekistonning an’anaviy savdo hamkorlari bilan iqtisodiy aloqalari muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, tashqi bozorlarni diversifikatsiya qilish, yangi eksport yo‘nalishlarini o‘zlashtirish va mahalliy mahsulotlarning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘lkamizning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvida Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni alohida strategik ahamiyatga ega.
JSTning 2026-yil 27–28-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilishi bo‘yicha Ishchi guruh yig‘ilishiga oid rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat 2026-yil davomida a’zolik jarayonini yakunlash maqsadini yana bir bor tasdiqlagan.
Muzokaralar davomida milliy qonunchilikni JST talablariga muvofiqlashtirish, tashqi savdo tartib-taomillarini takomillashtirish, texnik to‘siqlar va sanitariya-fitosanitariya choralari bilan bog‘liq masalalarni hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, JST ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil mart oyidan iyul oyiga qadar O‘zbekistonda 190 ta normativ-huquqiy hujjat tuzilma qoidalariga muvofiqlashtirilgan. Shuningdek, iyul oyi oxiriga kelib, bozorlarga kirish bo‘yicha 31 ta ikki tomonlama kelishuv JST Kotibiyatiga taqdim etilgan.
JSTga a’zolik O‘zbekistonning xalqaro savdo qoidalari asosida faoliyat yuritish imkoniyatlarini kengaytirishi, savdo munosabatlarida shaffoflik va prognoz qilinadigan muhitni mustahkamlashi mumkin. Biroq bu jarayon mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, mahsulot sifati va standartlarini takomillashtirishni ham taqozo etadi.
Shu nuqtai nazardan, tashqi savdo va investitsiya sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish, eksport tarkibida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini ko‘paytirish hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Umuman olganda, yurtimizning global iqtisodiy makonga integratsiyalashuvi tashqi savdo hajmini oshirish bilangina cheklanmaydi. Bu jarayon milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiyalar jalb etish, ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va xalqaro raqobatbardoshlikni mustahkamlash bilan uzviy bog‘liq. Mazkur yo‘nalishlardagi islohotlarning izchil davom ettirilishi mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishi va aholi farovonligini oshirish uchun muhim zamin yaratadi.
Fardona Yaxshiboyeva,
O‘zA