Xalqaro tanlov g‘oliblari taqdirlandi
Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti huzuridagi Konfutsiy institutida “Xitoy tili ko‘prigi-2026” xalqaro tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Ipak yo‘li bizni bog‘laydi – Men va Xitoy” qisqa metrajli video lavhalar tanlovi g‘oliblari e’tirof etilib, elchixona stipendiyalari ham topshirilgan tadbirda xitoy tilini o‘rganayotgan iqtidorli talabalar, professor-o‘qituvchilar, XXRning mamlakatimizdagi elchixonasi xodimlari, Xitoy madaniyat markazi hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy aloqalar yil sayin rivojlanayotgani, ayniqsa ta’lim sohasidagi hamkorlik ko‘lami kengayib borayotganini qayd qildilar.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda yoshlarimiz orasida xitoy tilini o‘rganishga qiziqish kuchaygan. Shu bilan birga xitoylik talabalar ham o‘zbek tilini o‘rganishga katta ishtiyoq bildirayotgani quvonarli.

“Xitoy tili ko‘prigi-2026” xalqaro tanlovi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida TDSHU va Samarqand davlat chet tillar instituti huzuridagi Konfutsiy institutlari hamda Xitoy madaniyat markazi hamkorligida tashkil etildi.
Tanlovning dastlabki bosqichlarida respublika bo‘yicha 67 talaba ishtirok etdi. Saralash va yarim final yakuniga ko‘ra, mamlakatimizning 7 yetakchi oliy ta’lim muassasasidan 15 nafar eng iqtidorli talaba saralandi. E’tiborlisi, eng yuqori natija qayd etgan 6 nafar talabaning barchasi O‘zDJTU talabalaridir.

Ayniqsa, Gran-pri sohibasi Nafisa Hamidullayeva monolog, savol-javob hamda ijodiy chiqishdan iborat 3 bosqichli shartlar yakuniga ko‘ra, chuqur bilimi, xitoy tilidagi ravon nutqi va ijodkorligi bilan hakamlar hay’ati e’tirofiga sazovor bo‘ldi. U XXRda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Jahon “Xitoy tili ko‘prigi-2026” tanlovida O‘zbekiston nomidan ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Talabalar guruhi bo‘yicha keyingi o‘rinlarni Shahrizoda Hamroyeva, Azizabonu Ibodullayeva, Do‘stmuhamad Baxtiyorov va Mohinur G‘olibjonova egalladi.

Tadbir davomida g‘olib va sovrindorlarga diplom, esdalik sovg‘alari hamda elchixonaning maxsus stipendiyalari topshirildi. Shuningdek, “Ipak yo‘li bizni bog‘laydi – Men va Xitoy” video lavhalar tanlovi g‘oliblari ham e’tirof etildi.
Bunday loyihalar yoshlar orasida xitoy tilini o‘rganishga qiziqishni oshirishi, ikki xalq madaniy aloqalarini mustahkamlashi shubhasiz.
Go‘zal Sattorova, O‘zA