Devid Rid: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning iqtisodiy drayveriga aylanmoqda
Markaziy Osiyoda geosiyosiy va iqtisodiy raqobat kuchayib borayotgan bir payt O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga intilmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatning global moliya bozori, infratuzilma loyihalari, strategik xom ashyo resurslari va investitsiya muhitiga oid islohotlari xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortmoqda. Bu jarayonda Buyuk Britaniya O‘zbekiston uchun nafaqat savdo hamkori, balki innovatsiya, moliyaviy tajriba va uzoq muddatli strategik sherik sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Savdo komissari, Birlashgan Qirollikning Istanbuldagi Bosh konsuli Devid Rid bilan intervyu tashkil etildi. Britaniya ordeni a’zosi (MBE) bilan suhbatimiz uning 12-13-may kunlari yurtimizga qilgan ilk tashrifi davomida uyushtirildi. Muloqot davomida O‘zbekiston – Buyuk Britaniya munosabatining yangi yo‘nalishlari, London moliya bozorining respublikamiz iqtisodiyoti uchun ahamiyati, infratuzilma va ta’lim sohasidagi istiqbolli loyihalar, shuningdek yurtimizdagi xalqaro investitsiya muhiti haqida atroflicha fikr bildirildi.


Intervyu davomida Devid Rid O‘zbekistonni “Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan va eng istiqbolli bozorlardan biri” sifatida baholar ekan, ikki davlat iqtisodiy hamkorligi so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi. Jumladan, Britaniya kompaniyalari tog‘-kon sanoati, infratuzilma, moliyaviy xizmat va “Yangi Toshkent” kabi yirik loyihalarimizga jiddiy qiziqish bildirayotganini qayd etdi.
– Janob Devid Rid, faoliyatingizning asosiy yo‘nalishlari nimadan iborat? O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlik natija berishi uchun ishni qanday yo‘lga qo‘ygansiz?
– O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli va jadal rivojlanayotgan bozorlardan biri. Shu bois iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash men uchun ustuvor vazifalardan biri. So‘nggi bir yilda Buyuk Britaniyaning respublikaga eksporti 545 million funt sterlingga yetdi. Ta’kidlash joiz, 2016-yil – bu yurtda har tomonlama islohotlar boshlangan davrda bu ko‘rsatkich atigi 66 million funt edi.
Quvonarlisi, hamkorlik faqat bir yo‘nalish bilan cheklanib qolmayapti. Asosiy maqsadimiz – mavjud imkoniyatlarni ikki davlat uchun manfaatli aniq tijoriy kelishuvlarga aylantirish. Sherikligimiz sezilarli natijalar berdi, ammo hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p.

– Ushbu lavozimdagi O‘zbekistonga ilk tashrifingiz davomida qaysi tendensiyalar va o‘zgarishlar sizda yaxshi taassurot qoldirdi? Ayni holat Buyuk Britaniyaning mamlakatga nisbatan uzoq muddatli strategik qiziqishiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Meni eng ko‘p hayratlantirgan jihat – O‘zbekiston iqtisodiy transformatsiyasining sur’ati va ishonchli ruhi. Mamlakatda kuchli harakat va yangilanish muhiti sezilmoqda. Bu keng qamrovli islohotlar dasturi hamda xalqaro hamkorlikka ochiq siyosat bilan mustahkamlanmoqda.
Qisqa tashrif davomidayoq aviatsiya, infratuzilma, moliya va sanoat sohalari bo‘yicha juda mazmunli muloqotlar o‘tkazdik. Jumladan, “Centrum Air” bilan, shuningdek davlatning iqtisodiy maqsad-harakatlari va investitsiya muhiti atrofida keng muhokama olib bordik. Bu Buyuk Britaniya – O‘zbekiston munosabati yanada keng qamrovli, chuqur va tobora ko‘proq tijoratga yo‘naltirilgan tus olayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, London va Toshkent fond birjalari ishtirokida ehtimoliy IPO o‘tkazish rejasi e’lon qilingach, Milliy investitsiya jamg‘armasi masalasida hukumat bilan muloqot olib borganimizdan mamnunman. Bu O‘zbekiston xalqaro moliya bozoriga tobora faol integratsiyalashayotgani, mamlakatning global moliyaviy sheriklikka ishonchi ortib borayotganini anglatadi.
Buyuk Britaniya nuqtai nazaridan qaraganda O‘zbekiston aholisi yosh va ulkan salohiyatga ega mamlakat sifatida Markaziy Osiyoda muhim iqtisodiy markazga aylanmoqda. Islohotlar davom etar ekan, savdo va investitsiya bilan birga infratuzilma, moliyaviy xizmat, innovatsiya va ta’lim sohasida ham hamkorlik imkoniyati ortib boradi.
– Markaziy Osiyoda global raqobat kuchayib borayotgan sharoitda savdo hajmidan tashqari Buyuk Britaniyani O‘zbekiston uchun afzal sherikka aylantirayotgan asosiy omillar nimada?
– Britaniya faqat sarmoya taklif qilmaydi, balki uzoq muddatli sheriklik, xalqaro tajriba va innovatsion yondashuv ham taqdim etadi.


Buning yorqin namunasi – “Yangi Toshkent” loyihasi. Xalqaro tanlov natijasida Londonda joylashgan “Cross Works” kompaniyasi shaharni kengaytirish bo‘yicha bosh reja ishlab chiqish uchun tanlab olindi. Ushbu reja Toshkent hududini deyarli ikki barobar kengaytirish va qo‘shimcha 2,5 million aholini joylashtirish imkonini beradi.
Ayniqsa, “Cross Works” kelajakdagi shaharning raqamli modeli – “digital twin” tizimini yaratgani diqqatga sazovor. Bu rejalashtiruvchi, investor va boshqa ishtirokchilarga shaharning kelgusida qanday rivojlanishini aniq tasavvur qilish imkonini beradi. Aynan shunday innovatsion va kelajakka yo‘naltirilgan yondashuv Buyuk Britaniya kompaniyalarining asosiy ustunligidir.
Bundan tashqari “Standard Chartered Bank” kabi kompaniyalar butun mintaqa iqtisodiy taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda. Biz yanada ko‘proq britan kompaniyalari O‘zbekiston bozori imkoniyatini o‘rganishi tarafdorimiz.
– O‘zbekiston so‘nggi yillarda London moliya bozori bilan hamkorlikni faollashtirmoqda. Buyuk Britaniyaning moliyaviy ekotizimi – tartibga solish mexanizmlaridan tortib konsalting xizmatigacha O‘zbekistonning islohotlar dasturi va kapital jalb qilish strategiyasini qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkin?
– O‘zbekistonning London moliya bozori bilan hamkorligi tobora kuchayib borayotganini ko‘rish quvonarli. Buyuk Britaniya xalqaro kapital jalb qilish va global investorlar bilan aloqa o‘rnatishni istagan kompaniyalar uchun hamon eng ishonchli moliyaviy markazlardan biri bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi ikki yil ichida bu borada qator muhim voqealar yuz berdi. 2024-yil Navoiy kon-metallurgiya kombinati London fond birjasida 1 milliard dollarlik yevroobligatsiya chiqardi. Oradan bir yil o‘tib, “O‘zbekneftgaz” London fond birjasida 850 million dollarlik obligatsiya joylashtirdi va bu O‘zbekiston tarixidagi eng yirik bir transhli amaliyotga aylandi. Ushbu obligatsiyalarga Buyuk Britaniya, AQSH, Yevropa va Osiyo investorlari tomonidan qariyb 1,9 milliard dollarlik talab bildirildi.
Shuningdek, NKMK Londonda yana 500 million dollarlik obligatsiya chiqardi va ushbu taklifga talab 4,6 barobar yuqori bo‘ldi. Joriy yil boshida esa O‘zbekiston London fond birjasida umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan suveren yevroobligatsiyani muvaffaqiyatli joylashtirdi. Ushbu mablag‘lar infratuzilma va barqaror rivojlanish loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilmoqda.
Moliyaviy texnologiya sohasida ham yaxshi sheriklik shakllanmoqda. O‘tgan yil Londonda o‘tkazilgan “Fintech Week” doirasida “Humo”, “Paynet” kabi o‘zbek kompaniyalari britan fintex kompaniyalari bilan raqamli bank xizmati, tokenizatsiya va komplayens texnologiyaci bo‘yicha muloqot qildi. Ayni payt “Humo” davlat obligatsiyaci bilan ta’minlangan blokcheyn tokeni ustida sinov loyiha amalga oshirmoqda. Bu O‘zbekiston nafaqat an’anaviy moliyaviy vositalar, balki XXI asrga mos innovatsion moliyaviy yechimlarga ham jiddiy e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, biz karbon krediti, barqaror moliya va islom moliyasi kabi yo‘nalishlarda ham hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdormiz.
– Sizningcha, Buyuk Britaniya va O‘zbekiston tez natija berishi mumkin bo‘lgan qaysi sohalar bo‘yicha hamkorlikni keng ko‘lamda rivojlantirish imkoniga ega?
– Tog‘-kon sanoati va strategik minerallar asosiy yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekiston uran va reniy ishlab chiqarish bo‘yicha muhim davlat. Shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchilardan sanaladi.
Biz “MinEX” hamda “Mining & Metals Central Asia” kabi xalqaro tadbirlar orqali britan va o‘zbek kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik kuchayib borayotganini kuzatyapmiz. Toshkentdagi jamoamiz – Biznes va savdo departamenti ikki davlat biznes va hukumat vakillari o‘rtasida yangi imkoniyatlarni muhokama qilishga faol ko‘maklashmoqda.
Infratuzilma sohasi ham ulkan istiqbolga ega. Joriy yil boshida Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo elchisi lord Olderdays rahbarligida ikkinchi O‘zbekiston – Buyuk Britaniya infratuzilma konferensiyasi o‘tkazilib, avtomobil va temir yo‘l infratuzilmasi modernizatsiyasi, aeroportlar rivoji, maktab, shifoxona kabi ijtimoiy ob’ektlar qurilishi, shuningdek “Yangi Toshkent” loyihasi muhokama qilindi. Mazkur tashabbus davom ettiriladi.
Ta’lim sohasida ham ko‘p yillik mustahkam sherikligimiz mavjud. 2002-yil tashkil etilgan Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti bugun respublikadagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylangan. Mamlakatda britan ta’lim modeliga talab yuqori va aholi yosh bo‘lgani sababli, sifatli ta’limga ehtiyoj yillar davomida o‘sib borishi kutilyapti.
Shuningdek, “UzBuild-2025” ko‘rgazmasida britan kompaniyalari arxitektura, barqaror infratuzilma, BIM texnologiyasi va “yashil” shaharsozlik bo‘yicha o‘z tajribasini namoyish qildi.
– Ma’lumki, “UK Export Finance” agentligi allaqachon yurtimizda bir necha loyihani qo‘llab-quvvatlamoqda. Yaqin istiqbolda qaysi sohalarda yangi kelishuvlar kutilyapti?
– “UK Export Finance” O‘zbekistondagi infratuzilma va sanoat loyihalarini qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynayapti. Yaqinda agentlik O‘zbekistondagi ilk operatsiyasini amalga oshirdi: OKMK hamda Shotlandiyaning “Weir Minerals” muhandislik kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan uskunalar uchun 10,8 million funtlik kredit kafolati taqdim etdi.
Eng muhimi, “UK Export Finance” O‘zbekiston uchun 4 milliard funt sterlinggacha bo‘lgan kredit kafolati taqdim eta oladi. Demak, hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish uchun keng imkoniyat mavjud.
– Kelgusi uch-besh yilda Buyuk Britaniya – O‘zbekiston sherikligi muvaffaqiyatini qanday tasavvur qilasiz?
– Muvaffaqiyat, avvalo, ikki davlat o‘rtasida savdo va investitsiya hajmi yanada ortishi, shu orqali iqtisodiy o‘sishga erishilishi bilan bog‘liq. Biz ko‘proq britan kompaniyalari O‘zbekistonda uzoq muddatli sheriklik o‘rnatishi, o‘zbek kompaniyalari esa Buyuk Britaniyaning jahon darajasidagi moliyaviy va biznes infratuzilmasidan xalqaro o‘sish platformasi sifatida foydalanishini istardik.
Eng muhimi, sheriklik odamlar hayotida amaliy natija berib, infratuzilma loyihalari, yangi ish o‘rinlari, moliyaviy innovatsiya yoki barqaror iqtisodiy o‘sish orqali namoyon bo‘lishi lozim.
– O‘zbekistonning bugungi investitsiya muhitini qanday baholaysiz? Britan investorlari uchun mamlakatning jozibadorligini oshirish uchun nima qilish kerak?
– O‘zbekiston so‘nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surish va iqtisodiyotni ochish borasida ta’sirli natijalarga erishdi. Investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha bozor liberallashuvi, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, davlat korxonalarini isloh qilish va milliy investitsiya jamg‘armalarini IPO orqali kapital bozoriga olib chiqish kabi muhim qadamlar tashlandi.
Bu o‘z navbatida hukumatning bozor iqtisodiyoti tamoyiliga amal qilish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va xorijiy sarmoya uchun ochiqlik siyosatiga sodiq qolish xususiyatini ko‘rsatadi.
Kelgusi taraqqiyot, avvalo, huquqiy va biznes muhitida barqarorlik hamda adolatli qoidani ta’minlashga bog‘liq. Britan investorlari uchun aniq va barqaror qo‘llaniladigan qoida, imtiyoz va subsidiyaga ortiqcha tayanmaslik, davlat va xususiy kompaniyalar uchun teng raqobat muhiti juda muhim.
Raqobat siyosati, korporativ boshqaruv, investor huquqini himoya qilish va nizolarni hal etish mexanizmi bo‘yicha islohot davom ettirilishi ishonchni yanada oshiradi va O‘zbekistonni uzoq muddatli, sifatli investitsiya uchun yanada jozibador mamlakatga aylantiradi.
Umuman, O‘zbekistonning hozirgi rivojlanish uslubini ijobiy baholayman. Mamlakatning xalqaro iqtisodiy tizimga integratsiyalashgan, raqobatbardosh va investitsiya uchun ochiq iqtisodiyotga aylanishga bo‘lgan intilishi britan biznesi qiziqishini tobora kuchaytirmoqda.
– O‘zbekiston Markaziy Osiyo bo‘yicha Buyuk Britaniyaning keng qamrovli mintaqaviy strategiyasida qanday o‘rin tutadi? Ayniqsa, transport bog‘liqligi, savdo yo‘laklari va ta’minot zanjiri nuqtai nazaridan buning ahamiyati qanday?
– O‘zbekiston bugun Markaziy Osiyodagi asosiy iqtisodiy va strategik sheriklardan biriga aylanmoqda. Bunda mamlakatning nufuzi hamda amalga oshirayotgan islohotlari sur’ati muhim omil hisoblanadi.
Mintaqaviy nuqtai nazardan O‘zbekiston Markaziy Osiyoni global bozor bilan bog‘laydigan transport, logistika va savdo yo‘laklari bo‘yicha ko‘plab muhokamalar markazida turibdi. Infratuzilma rivojlanishi va mintaqaviy iqtisodiy integratsiya kuchayishi bilan mamlakatning ahamiyati yanada ortishi tabiiy.
Buyuk Britaniya uchun Markaziy Osiyoning ahamiyati iqtisodiy, tijoriy va strategik jihatdan tobora ortyapti. Ayni payt energiya xavfsizligi, strategik minerallar, barqaror ta’minot zanjiri va barqaror infratuzilmaga global darajada e’tibor kuchaygan. O‘zbekiston bu yo‘nalishlarning barchasida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, bizning yondashuvimiz uzoq muddatli sherikliklni shakllantirish, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro bog‘liqlikni kuchaytirish va ikki davlat biznesi uchun amaliy imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
– Savdo va investitsiyadan tashqari ta’lim, innovatsiya va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq muddatli aloqalarni qay darajada mustahkamlaydi?
– Savdo munosabatlari odamlar o‘rtasidagi mustahkam aloqalar bilan qo‘llab-quvvatlansagina uzoq muddatli bo‘ladi. Ta’lim va malaka almashinuvi bu jarayonning eng muhim qismidir.
Ta’lim boshidanoq ikki davlat sherikligining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan. 2002-yil Toshkentda Vestminster xalqaro universiteti O‘zbekistondagi ilk xalqaro oliy o‘quv yurti sifatida ochilgan va bugungi kelib mamlakatning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida tanilgan.
Shundan beri O‘zbekistonda 13 ta transmilliy ta’lim muassasasi britan universitetlari diplomlarini taqdim eta boshladi. Bu esa mamlakatda Buyuk Britaniya ta’lim standartiga ishonch va talab naqadar yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda 15 000 o‘zbekistonlik mamlakatning o‘zida turib britan diplomi yoki darajasi uchun tahsil olmoqda. Bu juda ta’sirli ko‘rsatkich.
O‘zbekiston texnologiya, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va moliyaviy xizmat kabi sohalarni rivojlantirar ekan, maxsus malakali kadrlarga ehtiyoj ham ortib boradi. Britaniya muassasalari va kompaniyalari esa universitet hamkorligi, kasbiy ta’lim va professional sertifikatlashtirish sohasida katta tajribaga ega.
Ko‘p hollarda biznes munosabati odamlar birga o‘qish, ishlash yoki xalqaro muhitda hamkorlik qilish orqali shakllanadi. Bunday tarmoqlar yillar davomida muhim ahamiyat kasb etadi.
– Barqaror rivojlanish global darajada ustuvor vazifaga aylanayotgan bir paytda Buyuk Britaniya O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot” va iqlim barqarorligiga o‘tish jarayonini qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkin?
– Menimcha, bu sohada Buyuk Britaniya va O‘zbekiston hamkorligi uchun katta salohiyat mavjud. Buyuk Britaniya barqaror moliya, qayta tiklanuvchi energiya, “yashil” shaharsozlik va iqlimga oid tartibga solish sohalarida katta tajribaga ega. O‘zbekiston esa energiya transformatsiyasi, infratuzilmani modernizatsiya qilish va uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olgan.
Hozirning o‘zidayoq barqaror infratuzilma, energiya samaradorligi va shaharsozlik sohalarida ijobiy hamkorlik ko‘ryapmiz. Britan kompaniyalari muhandislik, “yashil” moliya va rejalashtirish texnologiyasi bo‘yicha tajribasini O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga yo‘naltirmoqda.
Bugun iqlim barqarorligi va iqtisodiy o‘sish tobora bir-biri bilan uzviy bog‘lanib bormoqda. “Yashil” va barqaror iqtisodiyotga o‘tish nafaqat ekologik vazifa, balki ulkan investitsiya va biznes imkoniyati hamdir. Menimcha, aynan shu yo‘nalishda Buyuk Britaniya va O‘zbekiston kuchli va amaliy sheriklikni yanada mustahkamlashi mumkin.
– Buyuk Britaniya bozoriga chiqish yoki britan kompaniyalari bilan hamkorlik qilishni rejalashtirayotgan o‘zbek biznes vakillariga nima degan bo‘lardingiz?
– Buyuk Britaniya dunyodagi eng ochiq va xalqaro bog‘langan biznes muhitlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun o‘zbek kompaniyalari u yerdagi imkoniyatlarni o‘rganishda o‘zlarini ishonchli his qilishlari kerak.
Mamlakat biznesni qo‘llab-quvvatlovchi siyosat yuritmoqda. Jumladan, 2029-yilgacha ma’muriy xarajatni 25 foiz qisqartirishga qaratilgan tartibga solish islohoti amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga rivojlanish jarayonini tezlashtirish uchun rejalashtirish qoidasi ham soddalashtirilmoqda.
Buyuk Britaniyaning yana bir muhim ustunligi – qonun ustuvorligi va barqarorlik. Mamlakat siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlardan qat’i nazar, biznes uchun prognoz qilinadigan va ishonchli muhit taklif qiladi. Global bozorga chiqish imkoniyati, ikki tomonlama investitsiya kelishuvlari tarmog‘i va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya bo‘yicha yuqori ko‘rsatkich Buyuk Britaniyani jozibador bozorga aylantirgan.
Men o‘zbek kompaniyalariga ertaroq muloqot boshlash, sheriklik imkoniyatini o‘rganish va Britaniya bozorini chuqur tushunishga vaqt ajratishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Zero, Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga haqiqiy qiziqish mavjud va har ikki tomon uchun uzoq muddatli o‘sish imkoniyati katta.
Darhaqiqat, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya munosabati so‘nggi yillarda mutlaqo yangi mazmun va strategik yo‘nalish kasb etmoqda. Intervyu davomida Devid Rid qayd etganidek, bugungi hamkorlik faqat savdo hajmi emas, balki infratuzilma, moliya, innovatsiya, “yashil” iqtisodiyot, ta’lim va yuqori texnologiya kabi keng qamrovli sohalar bilan ham belgilanmoqda.
Ayniqsa, London moliya bozorining O‘zbekiston iqtisodiyotiga qiziqishi, britan kompaniyalarining “Yangi Toshkent” singari yirik loyihalardagi ishtiroki, shuningdek ta’lim sohasidagi mustahkam aloqalar ikki davlat munosabatlari uzoq muddatli va institutsional asosga ega bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi.
Suhbatdan anglashiladiki, Buyuk Britaniya O‘zbekistonni nafaqat Markaziy Osiyodagi istiqbolli bozor, balki mintaqaning kelajakdagi iqtisodiy va logistik markazlaridan biri sifatida baholamoqda. O‘zbekiston esa o‘z navbatida global investitsiya, xalqaro moliya va innovatsion hamkorlik uchun ochiq davlat sifatida yangi qiyofa namoyon etmoqda.
Ko‘rinadiki, keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik yanada amaliy mazmun kasb etib, yangi investitsiya, qo‘shma loyihalar va inson kapitaliga qaratilgan tashabbuslar bilan boyib boryapti.
Musulmon Ziyo suhbatlashdi.
O‘zA