Xalqaro shaxmat federatsiyasi delegatsiyasi - O‘zbekistonda
Joriy yil qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va imkoniyati cheklangan shaxmatchilar o‘rtasidagi 3-FIDE shaxmat olimpiadasi musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Mamlakatimizda ushbu nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizga tashrif buyurgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) boshqaruvi raisi o‘rinbosari Dana Reizniyecye-Ozola boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilari nufuzli shaxmat musobaqalariga hozirlik ishlari xususida fikrlashdi.

FIDE boshqaruvi raisi o‘rinbosari Dana Reizniyecye-Ozola O‘zbekiston xalqaro ahamiyatga ega tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazishda katta tajriba va salohiyatga ega mamlakat ekanini ta’kidlab, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va imkoniyati cheklangan shaxmatchilar o‘rtasidagi 3-FIDE shaxmat olimpiadasi zo‘r muvaffaqiyat bilan o‘tkazilishiga ishonch bildirdi.
O‘z navbatida, sport vaziri A.Ikromov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari K.Sindorov 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilarini kutib olish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish kabi bir qator masalalarda keng qamrovli ishlar olib borilayotgani xususida to‘xtaldi.
Shuningdek, FIDE delegatsiyasi musobaqalar o‘tkaziladigan majmualar, kerakli infratuzilma, kommunikatsiya tizimlarining uzviyligi, tayyorgarlik jarayonlari, mehmonxonalar, transport va boshqa muhim jihatlar bilan tanishtirildi.
Muhokamalar davomida nufuzli musobaqa bilan bog‘liq har bir yo‘nalish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan tegishli vazifalar ko‘rib chiqildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA