“Xalqaro iqtisodiy hamkorlik II forumi”ga start berildi
Toshkent Botanika bog‘ida O‘zbekiston Milliy iqtisodiy hamkorlik uyushmasining bir yilligi munosabati bilan yirik xalqaro tadbir — “Xalqaro iqtisodiy hamkorlik II forumi” bo‘lib o‘tmoqda.
Forumning ochilish marosimida 200 dan ziyod xorijlik mehmonlar, turli davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari, investorlar, tadbirkorlar hamda ekspertlar ishtirok etdi.
Forum doirasida iqtisodiy hamkorlik, investitsiya, innovatsiya, startap va yoshlar tashabbuslariga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar, taqdimotlar va ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Forumning eng diqqatga sazovor loyihalaridan biri “G‘oya uchun 100 million” tanlovidir. Ushbu tanlov yoshlar, tadbirkorlar va innovatsion g‘oya egalari uchun katta imkoniyat sifatida baholanmoqda.

Tanlov ishtirokchilari o‘z startap va biznes g‘oyalarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Eng yaxshi tashabbuslar esa 100 million so‘mlik mukofot jamg‘armasi uchun kurash olib boradi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, forum mamlakatda innovatsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish, xalqaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Xalqaro iqtisodiy hamkorlik II forumi” 15-mayga qadar davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA