Xalqaro forum doirasida muhim kelishuvlarga erishildi
Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida O‘zbekiston (Qoraqalpog‘iston) – Xitoy hududlararo savdo-iqtisodiy forumi o‘tkazildi.
Unda tadbirkorlar, Xitoy davlatidan kelgan investorlar ishtirok etdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni forum ochilishi munosabati bilan tabrikladi.

Ta’kidlash lozimki, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar natijasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda. Mazkur forum ham ana shu yo‘nalishdagi chora-tadbirlardan biri bo‘lib, unda 400 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.

Anjumanda Qoraqalpog‘istonning mavjud salohiyati, hudud uchun alohida berilgan imtiyozlar, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sabab bo‘la oladigan afzallik jihatlari qayd etildi.
Forum doirasida tog‘-kon sanoati, geologiya, IT, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 31 ta investitsiya loyihasi doirasida 410 million dollarlik kelishuv imzolandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri