Xotin-qizlarni raqamli kasblarga qanday jalb etish mumkin?
Bugun raqamli texnologiyalar nafaqat yangi kasblar va ish o‘rinlarini yaratmoqda, balki insonning ta’lim olishi, kasb egallashi va o‘z imkoniyatlarini namoyon etishi uchun ham yangi eshiklarni ochmoqda.
Ayniqsa, xotin-qizlarni zamonaviy raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish va ularning axborot texnologiyalari sohasidagi ishtirokini kengaytirish dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda.
Shu maqsadda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov BMTning Xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish tuzilmasi — YUN Vumenning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor o‘rinbosari Eliza Fernandes Sayens bilan uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasini rivojlantirish, aholi, xususan, xotin-qizlarni zamonaviy raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish, ularning axborot texnologiyalari sohasidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Xususan, xotin-qizlarning axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim olishi, raqamli kasblarni egallashi va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bu borada xalqaro tajribani o‘rganish va samarali amaliyotlarni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar raqamli texnologiyalar sohasida inson kapitalini rivojlantirish, xotin-qizlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda ular uchun yangi ta’lim va kasbiy imkoniyatlar yaratish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida ushbu yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Nigora Rahmonova, O‘zA