Xalq bilan muloqot muammolarga yechim bo‘lmoqda
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning eng muhim mezoni ularning inson hayoti, oila va mahalla turmushida qanday aks etayotgani bilan belgilanadi. Shu bois davlat boshqaruvida xalq bilan muloqotni kuchaytirish, fuqarolarning murojaatlarini tinglash, ularni qiynayotgan muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va ularga aniq yechim topishga qaratilgan yondashuv tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, mahalla darajasidagi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda xalq deputatlari Kengashlari hamda deputatlarning o‘rni beqiyos. Chunki deputat saylovchi bilan davlat o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘indir. Uning faoliyati qanchalik samarali tashkil etilsa, aholi murojaatlarining yechimi, hududdagi ijtimoiy muammolarning bartaraf etilishi ham shunchalik natijador bo‘ladi.
Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati Abdukarim Saksonovning Navbahor tumanida o‘zi saylangan hududda olib borayotgan ishlari ana shu tamoyilning amaliy ifodasidir.
Deputat mahallalarda aholi bilan uchrashib, saylovchilar murojaatlarini o‘rganish, ijtimoiy obyektlar holati bilan tanishish, mavjud muammolarni mas’ullar ishtirokida muhokama qilish hamda ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ilgari surishga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘rganishlar davomida aholini kundalik hayotda qiynayotgan, bir qarashda oddiydek ko‘rinsa-da, mahalla ahli uchun muhim bo‘lgan masalalar aniqlanmoqda. Yo‘llarni ta’mirlash va asfaltlash, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, elektr tarmoqlarini yangilash, tomorqalarni sug‘orish uchun zarur infratuzilmani barpo etish, ijtimoiy obyektlarni ta’mirlash kabi masalalar shular jumlasidandir.
Xususan, Navbahor mahallasidagi 9-sonli G‘ujbog‘tepa oilaviy shifokorlik punkti binosini ta’mirlash, aholi tomorqalarini oqar suv bilan ta’minlash uchun “O‘ng qirg‘oq” kanalidan boshlanuvchi 1 kilometrlik ariqni betonlash masalalari ko‘tarildi.
O‘zbekiston mahallasida “Shabboda-1”, “Shabboda-2” va “Shabboda-3” ko‘chalaridagi ichki yo‘llarni asfaltlash, elektr uzatish ustunlari va transformatorni yangilash zarurati o‘rganildi. G‘ujbog‘tepa mahallasi uchun yangi ma’muriy bino qurish bo‘yicha aholi takliflari ham tegishli mutasaddilar e’tiboriga havola etildi.

Bu masalalarning har biri aholi turmush sifati bilan bevosita bog‘liq. Ravon yo‘l odamlarning erkin harakatlanishi, sifatli ichimlik suvi salomatlik, barqaror elektr ta’minoti esa qulay hayot va tadbirkorlik uchun muhim omildir. Tomorqa yerlarining suv bilan ta’minlanishi esa xonadonlar daromadini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyat yaratadi.
Navbahor tumanidagi “Yangiyo‘l” mahallasida o‘tkazilgan o‘rganishlarda “Yangiyo‘l” shohko‘chasining 3 kilometrlik qismini ta’mirlash va asfaltlash, “Jannatmakon” va “Lochin” ko‘chalarida yashovchi 160 ta oilani toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun suv quvurlarini yangilash kabi masalalar aniqlandi.
Shuningdek, 150 ta oilaning tomorqa yer maydonlarini sug‘orish masalasi ham o‘rganilib, buning uchun vertikal quduq qazish yoki oqar suv ariqlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish taklif etildi.
Deputat tomonidan “Yangiyo‘l” mahallasidagi 12-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti, oilaviy poliklinika va 22-sonli maktabda olib borilayotgan qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi. Qurilish ishlarining belgilangan muddatlarda, sifat talablari asosida yakunlanishi, mablag‘ va materiallardan samarali foydalanilishi yuzasidan mas’ullarga tavsiyalar berildi.
21-sonli matematika faniga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabidagi holat esa ta’lim muassasalarida infratuzilmani yanada yaxshilash zaruratini ko‘rsatmoqda. Bugun 897 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan mazkur ta’lim maskanida 250 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosiga ehtiyoj mavjud.
Bu masala bo‘yicha tegishli dasturlarga taklif kiritish va muammoni ijobiy hal etish yuzasidan viloyat hamda tuman hokimliklariga deputatlik so‘rovlari yuborildi. Eng muhimi, masala deputatlik nazoratiga olindi.

Deputatning Qorovultepa mahallasidagi o‘rganishlari ham islohotlarning yana bir muhim jihati — aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalariga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mahalla yettiligi vakillari bilan birgalikda hududdagi ijtimoiy soha obyektlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish barobarida aholini doimiy ish bilan ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari muhokama qilindi.
Aholi bilan o‘tkazilgan sayyor qabullar ham deputatlik faoliyatining muhim qismi bo‘lmoqda. Fuqarolarning o‘nga yaqin murojaat va takliflari qabul qilinib, ularni qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqish, zarur hollarda tegishli davlat organlari va tashkilotlariga deputatlik so‘rovlari yuborish belgilab olindi.
Bugun xalq vakilidan talab etilayotgani ham shu – saylovchi bilan birga bo‘lish, uning dardini tinglash, muammoni mas’ullar oldiga qat’iy qo‘yish va natijaga erishilguncha masalani nazoratda saqlash. Aynan shunday mas’uliyatli va faol deputatlik faoliyati xalq ishonchini mustahkamlashga, davlat boshqaruvini yanada xalqchil qilishga hamda islohotlarning mahalladagi amaliy samarasini ta’minlashga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri