Muammo xonadonbay o‘rganilmoqda
Kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va oilaviy daromadlarni oshirish — bugun joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu vazifani samarali hal etish esa nafaqat umumiy chora-tadbirlar, balki har bir oilaning turmush sharoiti, imkoniyati va ehtiyojini chuqur o‘rganish, muammosini aniqlash hamda unga mos yechim topishni taqozo etadi.
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi vazifalar aniq belgilab berildi.
Unda aholini kambag‘allikdan chiqarishda faqat moddiy ko‘mak ko‘rsatish yoki imtiyozli kredit ajratish bilan cheklanib qolmay, har bir insonning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, uni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zarur sharoit yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi “Tajribakor” mahallasida xonadonbay ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yerdagi asosiy yondashuv — muammoni masofadan turib emas, bevosita xonadonga kirib o‘rganish va har bir oila uchun aniq chora-tadbir belgilashdan iborat.
Mahallada jami 146 ta oila davlat ta’minotidagi, kambag‘al va kambag‘allik chegarasidagi oilalar toifasiga kiradi. Shundan 33 tasi davlat ta’minotidagi, 25 tasi kambag‘allik chegarasidagi, 88 tasi esa kambag‘al oilalardir.
Mazkur ko‘rsatkichlar ortida turli taqdirlar, turlicha ehtiyoj va imkoniyatlarga ega oilalar bor. Shu bois ularning barchasiga bir xil yondashish kutilgan samarani bermaydi. Kimdir ishga muhtoj bo‘lsa, boshqasiga kasb o‘rganish, yana bir oilaga tadbirkorlikni boshlash uchun moliyaviy ko‘mak yoki tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha amaliy yordam zarur.
Yaqinda Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev boshchiligida “Tajribakor” mahallasida xonadonbay o‘rganish ishlari olib borildi. Jarayonda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 19 ta oilaning xonadoniga borilib, ularning daromad manbalari, ijtimoiy holati, mavjud imkoniyatlari va muammolari joyida bevosita o‘rganildi.

Har bir oila bilan alohida suhbatlashilib, uning sharoitidan kelib chiqqan holda doimiy va barqaror daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha individual chora-tadbirlar belgilab olindi. Bu jarayonda umumiy tavsiyalar berish bilan cheklanmasdan, har bir xonadonning imkoniyatiga mos aniq yechimlarni belgilashga e’tibor qaratilmoqda.
— Davlatimiz rahbari aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha nafaqat vazirlar va hokimlarga, balki biz — hokim yordamchilariga ham aniq vazifalarni belgilab bergan. Tuman hokimi ishtirokida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida mahallamizda tashkil etilgan xonadonbay o‘rganishlar hamda aholi bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar davomida mavjud kamchilik va muammolarimiz ochiq-oydin ko‘rsatib berildi.
Bu, avvalo, biz — mahalla yettiligi zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Eng muhimi, ishga yuzaki yondashmasdan, har bir xonadonni chuqur o‘rganish, muammoning asl sababini aniqlash va amaliy natijaga erishish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab berildi. Endigi vazifamiz — belgilangan choralarni izchil amalga oshirib, har bir oilaning imkoniyatini ishga solish va ularni barqaror daromad manbaiga ega qilish, — deydi mahalla hokim yordamchisi Shokir Abdumo‘minov.
Xususan, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan fuqarolarga imtiyozli kreditlar ajratish, tikuvchilik va qandolatchilik yo‘nalishlarida ish boshlash uchun subsidiyalardan foydalanish, mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga o‘qitish hamda mavjud tomorqa yerlaridan samarali foydalanish orqali qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlari tushuntirilmoqda.

— Kambag‘allikdan chiqarish, aholi daromadini oshirish — bu shunchaki gap emas. Bunga yuzaki qarab bo‘lmaydi. Bu borada davlatimiz rahbari aniq yo‘nalish va vazifalarni belgilab berdi. Qachonki har bir xonadonning imkoniyati, ehtiyoji va muammosini chuqur o‘rganib, odamlarga tayyor yordam berish bilan cheklanmay, ularga o‘z daromadini yaratish imkonini bersak, shundagina haqiqiy natijaga erishamiz. Asosiy maqsad — oilani bir martalik ko‘makka emas, doimiy va barqaror daromad manbaiga ega qilish. Buning uchun har bir xonadon bilan alohida ishlab, uning salohiyatini ro‘yobga chiqarishimiz va mavjud imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak, — deydi Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev.
Darhaqiqat, xonadonbay ishlashning ahamiyati shundaki, bunda har bir oilaning ichki imkoniyatlari aniqlanadi. Tadbirkorlikka qiziqishi va muayyan ko‘nikmasi bor fuqaro qo‘llab-quvvatlansa, u o‘z faoliyatini boshlab, nafaqat o‘zi, balki oila a’zolari uchun ham daromad manbaini yaratishi mumkin. Kasb o‘rganishga intilayotgan insonni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga o‘qitish esa uning kelajakda doimiy ish bilan ta’minlanishiga zamin yaratadi.

Shuningdek, tomorqa yeridan samarali foydalana oladigan oilalarni bu yo‘nalishga jalb etish orqali ham qo‘shimcha daromad manbai yaratish mumkin. Ya’ni, har bir xonadonning imkoniyatini to‘g‘ri aniqlab, uni daromad keltiradigan faoliyatga yo‘naltirish asosiy vazifa sifatida qaralmoqda. Bu yondashuvda fuqaroni faqat yordam oluvchi emas, balki o‘z farovonligini o‘zi yaratishga qodir shaxs sifatida qo‘llab-quvvatlash ustuvor ahamiyat kasb etadi. Mas’ullarning vazifasi esa uning imkoniyatini aniqlash, zarur ko‘mak berish va bu imkoniyatni amaliy natijaga aylantirishga yordamlashishdan iborat.
Zero, kambag‘allikni qisqartirishning asosiy mezoni qancha oilaga yordam ko‘rsatilgani emas, balki shu yordam natijasida qancha xonadonda barqaror daromad manbai yaratilganidir. Ish bilan ta’minlangan fuqarolar soni ko‘paysa, yangi tadbirkorlik subyektlari vujudga kelsa, tomorqadan unumli foydalanish yo‘lga qo‘yilsa yoki kasb-hunar egallagan inson o‘z mehnati orqali daromad topa boshlasa — xonadonbay ishlashning haqiqiy samarasi aynan shunda namoyon bo‘ladi.

Shu ma’noda, “Tajribakor” mahallasida olib borilayotgan ishlar bir martalik tadbir emas. Bu — har bir oilaning iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ularni mehnat va tadbirkorlikka jalb etish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish orqali kambag‘allikni bosqichma-bosqich bartaraf etishga qaratilgan tizimli jarayondir.
Muhimi, xonadonbay yondashuv muammoning oqibati bilan emas, balki uni keltirib chiqarayotgan sabablar bilan ishlash imkonini beradi. Oilaning daromad manbai, mehnat salohiyati, kasbiy ko‘nikmalari va ehtiyojlari aniq o‘rganilgandagina unga ko‘rsatiladigan yordam manzilli, samarali va natijali bo‘ladi.

“Tajribakor” mahallasidagi 146 ta oilaning holatini o‘rganish, ularning imkoniyatlarini aniqlash va har biri uchun alohida chora-tadbirlar belgilashdan ko‘zlangan maqsad ham shu — har bir xonadonda barqaror daromad manbaini shakllantirish, aholi bandligini ta’minlash va oila farovonligini yuksaltirish.
Chunki obod mahalla o‘z-o‘zidan vujudga kelmaydi. U, avvalo, iqtisodiy jihatdan barqaror, mehnat qilayotgan va munosib daromad topayotgan oilalar hisobiga yuksaladi. Shu bois bugun har bir xonadonga kirib borib, uning muammosi va imkoniyatini o‘rganish — ertangi farovon hayot uchun qo‘yilayotgan muhim qadamdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri