“Wiki Loves Earth” tanlovi suratlarini baholash ishlari davom etmoqda
O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “Wiki Loves Earth” xalqaro fototanlovining milliy bosqichida hakamlar hay’ati ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan suratlarni baholashni davom ettirmoqda. Baholash yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston nomidan tanlovning xalqaro bosqichida ishtirok etadigan eng yaxshi suratlar saralab olinadi.
Joriy yilda tanlovning milliy bosqichida 20 nafar ishtirokchi qatnashib, Wikimedia Commons platformasiga O‘zbekistonning alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari va boshqa noyob tabiat maskanlariga bag‘ishlangan 1307 ta surat yukladi.
Tanlovga taqdim etilgan ishlarning yuqori sifati shundan dalolat beradiki, ulardan 63 tasi Wikimedia Commons platformasida Quality Images (“Sifatli tasvir”) maqomini oldi. Ushbu maqom texnik sifati, kompozitsiyasi va hujjatli qiymati yuqori bo‘lgan suratlarga beriladi.
Ishtirokchilar davlat qo‘riqxonalari, milliy va tabiiy bog‘lar, buyurtmaxonalar, tabiat yodgorliklari, go‘zal tabiiy landshaftlar, shuningdek, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini aks ettiruvchi suratlarni taqdim etdi. Barcha tasvirlar erkin litsenziya asosida e’lon qilingan bo‘lib, ulardan Vikipediya hamda boshqa ta’lim, ilmiy va ma’rifiy loyihalarda erkin foydalanish mumkin.
Baholash yakunlangach, hakamlar hay’ati milliy bosqich g‘oliblarini aniqlaydi. Ularning eng yaxshi ishlari O‘zbekiston nomidan “Wiki Loves Earth” xalqaro fototanlovining xalqaro bosqichida ishtirok etadi.
“Wiki Loves Earth” xalqaro fototanlovi tabiiy merosni ommalashtirish, erkin bilimlarni rivojlantirish hamda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning dunyodagi eng yirik erkin fotosuratlar to‘plamini yaratishga qaratilgan. Tanlov doirasida yuklangan suratlar Vikipediya va Vikimedia loyihalarining tasvirlar bazasini boyitib, O‘zbekistonning noyob tabiiy merosi haqidagi ma’lumotlarni millionlab foydalanuvchilar uchun yanada ochiq va qulay qiladi.
Milliy bosqich g‘oliblari hakamlar hay’ati ishini yakunlagach e’lon qilinadi.
G.Boboyeva,
O‘zA