Sherzod Xo‘jayev Nuroboddagi energetika loyihasi bilan tanishdi
Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev Saudiya Arabistonining "Acwa" kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasi va energiya saqlash tizimi qurilishi bilan tanishdi.
Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi mazkur loyiha doirasida umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi, 1336 MVt·soat sig‘imli energiya saqlash tizimi, shuningdek, 500 va 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurilmoqda. Stansiyaning 100 MVt quvvatli birinchi qismi joriy yil sentabr oyida ishga tushirilgan.
Tashrif chog‘ida vazir ishga tushirilgan stansiya faoliyati va loyihaning keyingi bosqichlarida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarini ko‘zdan kechirdi. Majmuada quyosh panellarini quyosh harakatiga mos ravishda yo‘naltirish hamda ularni robotlar yordamida tozalash kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda.
Energiya saqlash tizimlarini 2027-yilning birinchi yarmida, stansiyani esa 2027-yilning oxiriga qadar to‘liq quvvatda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Sherzod Xo‘jayev mas’ullarga qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash, uskunalarni o‘rnatishda texnik me’yorlarga qat’iy rioya qilish va loyihaning barcha bosqichlarini muvofiqlashtirib borish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mazkur loyiha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining energetika tizimidagi ulushini kengaytirish va iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, loyiha doirasida Markaziy Osiyoda ilk bor qo‘llanilayotgan texnik yechimlar asosida 500 va 220 kV kuchlanishli ikki zanjirli elektr uzatish tarmoqlari qurilmoqda. Ular yangi elektr quvvatlarini yagona energetika tizimiga integratsiya qilish va hududlar o‘rtasida elektr energiyasini uzatish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA