Vazir yangi ob’ektlar bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bo‘ldi.
Bu yerda dastlab vazir foydalanishga topshirish arafasida turgan 500 o‘rinli talabalar turar joyini ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng, universitet hududida yangidan qurilayotgan 1 ming 800 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv-laboratoriya majmuasi va axborot-resurs markazi binosining qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Universitet rektori B.Jollibekov ushbu ob’ektlarda olib borilayotgan qurilish ishlari, ularning bugungi holati va loyihalarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tanishuv davomida qurilish ishlari sifati, zamonaviy ta’lim infratuzilmasini yaratish, binolarni zarur uskunalar bilan ta’minlash va ob’ektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu loyihalar universitetning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, talabalarga zamonaviy ta’lim va yashash sharoitlarini yaratish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri