O‘qishini ko‘chirib bermoqchi bo‘lgan "dallol" ushlandi
DXX Toshkent viloyat boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan joriy yilning 17-iyul kuni tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda O‘rta Chirchiq tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabi xodimi, 1982-yilda tug‘ilgan U.S. tanishlari orqali Qirg‘izistondagi oliygohlardan birida o‘qiyotganlik haqida soxta hujjat tayyorlab berish va keyinchalik o‘qishni Chirchiq davlat pedagogika universitetining 5-bosqich sirtqi ta’lim shakliga ko‘chirib berishni va’da qilgan.
U fuqarodan mazkur xizmat evaziga 3 ming 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qonunbuzarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA