Vatan qahramonlari unutilmaydi
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Andijon garnizoni harbiy qism harbiy xizmatchilari Vatan himoyasi yo‘lida mardlarcha jang qilib, bevaqt vafot etgan harbiy xizmatchi, marhum Doniyorbek Tojiboyevning xonadonida bo‘ldi.
Xotira va Qadrlash kuni oldidan harbiy xizmatchilar harbiy yashagan Paxtaobod tumani Madaniyat mahallasidagi xonadonda otasi Tojiboyev Abdumutalib bilan dildan suhbatda bo‘ldi, uning xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi.
[gallery-29141]
Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi, Doniyorbek Tojiboyev 2000-yilning kuz oyida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida jangarilar bilan sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda mardlarcha halok bo‘lgan. Ko‘rsatgan qahramonligi uchun vafotidan so‘ng qator orden va medallar bilan taqdirlangan.
– O‘g‘lim mard, jasur, haqiqiy Vatan himoyachisi edi. U hamisha namunali xizmat qilgan, xizmatdoshlariga ibrat bo‘lgan. Chunki u o‘zi xizmat qilgan qism rahbariyati tomonidan juda ko‘p faxriy yorliq, tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. Taqdir ekan, o‘g‘lim bugun oramizda yo‘q, lekin uning Vatan himoyasi, yurtimiz, xalqimiz tinchligi yo‘lida jon fido qilganligi qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi. Iloyim, oxirati obod bo‘lsin. Ishonamanki, yurtimizda o‘g‘lim kabi Vatan himoyachilarining xotirasi aslo unutilmaydi, – deydi uning otasi Abdumutalib aka.
Yo‘qlab borgan harbiylar tomonidan askarning oilasiga zarur yordamlar ko‘rsatildi, sovg‘a-salomlar topshirildi.
Mash’um Sariosiyo voqealariga 25 yil bo‘layotgan bo‘lsa-da, Doniyorbek Tojiboyev kabi mard o‘g‘lonlar xotirasi aslo o‘chgani yo‘q. Vatan himoyasi, xalqimiz tinchligi yo‘lida jon fido qilgan o‘g‘lonlar xotirasi avlodlar qalbida mangu yashaydi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.