Vatan himoyasiga bel bog‘lagan yoshlar qasamyod qildi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan Davlat xavfsizligi xizmati tasarrufidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarning Vatanga qasamyod qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, harbiy xizmatchilar, askarlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi. Tadbirda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimiz xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, xalqimizning tinch va farovon hayotini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, harbiy xizmatni ado etish har bir yigit uchun sharafli burch ekani alohida qayd etildi. Vatan osoyishtaligi va xalq farovonligini ta’minlashdek yuksak vazifani bajarish uchun qasamyod qabul qilgan yoshlar va ularning yaqinlari samimiy qutlandi.
Tantanali marosimda askarlar O‘zbekiston xalqi va Prezidentiga sadoqatli bo‘lishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini vijdonan bajarishga, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilishga qasamyod qildi.
[gallery-28711]
– Bugun oilamiz uchun unutilmas kun bo‘ldi, - deydi muddatli harbiy xizmatga Angor tumanidan chaqirilgan Sarvar Choriyevning onasi Shahnoza Ro‘ziyeva. – O‘g‘lim Vatanga, Prezidentimizga va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga va’da berdi. Farzandining qasamyod qabul qilishi ona uchun katta faxr ekan. Vatanimizni asrashga so‘z bergan o‘g‘lim bilan faxrlanaman.
Tadbir doirasida Termiz garnizoni harbiy orkestori hamda madaniyat uyi san’atkorlari tomonidan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, faxriy qorovul va qo‘l jangi jamoalarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA