Qulupnay – shifobaxsh rezavor meva
Bahor fasli kirib kelishi bilan bozorlarimizda mazali va xushbo‘y qulupnaylar paydo bo‘ladi. Bu meva nafaqat iste’molchilar, balki fermer va tadbirkorlar uchun ham muhim iqtisodiy ahamiyatga ega. Qulupnay vitaminlarga boy, shifobaxsh xususiyatlari bilan ajralib turuvchi rezavor meva bo‘lib, uning yetishtirilishi va iste’moliga bo‘lgan qiziqish yil sayin ortmoqda.
Mutaxassislar qulupnay tarkibida S vitamini, antioksidantlar, flavonoidlar va ko‘plab mikroelementlar mavjudligini ta’kidlaydi. Qulupnay inson organizmi uchun foydali bo‘lib, immunitetni mustahkamlaydi, yurak-qon tomir tizimini qo‘llab-quvvatlaydi, qon bosimini me’yorlashtirishga yordam beradi, hazm jarayonini yaxshilaydi, organizmni toksinlardan tozalaydi. Qulupnay tarkibidagi antioksidantlar qarish jarayonlarini sekinlashtirishga va ayrim surunkali kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, qulupnay hamma uchun ham birdek foydali emas. Ayrim hollarda allergik reaksiyalar (ayniqsa bolalarda), oshqozon-ichak kasalliklari kuchayishi, diabet bilan og‘riganlarda qand miqdorining oshishi kabi salbiy ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois, allergiyaga moyil shaxslar, oshqozon yarasi yoki gastriti borlar, diabet bilan og‘riganlar, kichik yoshdagi bolalar qulupnay iste’mol qilishda ehtiyot bo‘lishi kerak. Immuniteti past bo‘lganlarga, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi borlarga kamqonlik (anemiya) holatlarida, jismoniy va ruhiy charchoq paytida esa ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Qulupnay dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. Xitoy –qulupnay yetishtirish bo‘yicha yetakchi davlatlardan. Shuningdek, AQSH, Meksika, Turkiya, Ispaniyada ham ko‘p yetishtiriladi. Bu mamlakatlarda intensiv texnologiyalar va seleksiya yutuqlari qo‘llanilishi hisobiga yuqori hosildorlikka erishilmoqda.
Qulupnayni yetishtirish o‘ziga xos jarayon bo‘lib, parvarishga talabchan ekinlardan biri hisoblanadi. U namlikni va yorug‘likni yaxshi ko‘radi, soyada yaxshi hosil bermaydi. O‘zbekiston sharoitida dehqonlarimiz katta-katta maydonlarga qulupnaylarni yetishtirib, xalqimiz dasturxoniga tortiq qilib kelmoqda. Asosan Toshkent viloyati, Samarqand, Farg‘ona vodiysi, Surxondaryo va Qashqadaryo hududlarida yetishtiriladi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu ekin hali umumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmida katta ulushni egallamasa-da, eksportbop va daromadli yo‘nalish sifatida ahamiyati oshib bormoqda. Ayniqsa, issiqxona xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan navlar fermerlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Qulupnay nafaqat mazali va xushbo‘y meva, balki inson salomatligi uchun foydali ozuqa manbaidir. Shu bilan birga, uning to‘g‘ri yetishtirilishi va qayta ishlanishi mamlakat agrar sohasida yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yuzaga keltirmoqda.
Mavsumiy meva sifatida qulupnaydan oqilona foydalanish, uni yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish va eksport salohiyatini oshirish bugungi kunning ahamiyatli vazifalaridan biridir.
Mohigul Qosimova, O‘zA