“Vatan fidoyilari” ramziy monumenti konsepsiyasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida "Vatan fidoyilari" ramziy monumentining badiiy va g‘oyaviy konsepsiyasini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan navbatdagi ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda avvalgi bosqichda bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida qayta ishlangan hamda yangi g‘oyalar bilan boyitilgan eskiz loyihalari ko‘rib chiqildi. Ishchi guruh a’zolari monument nafaqat yuksak badiiy saviyaga ega bo‘lishi, balki xalqimizni birlashtiruvchi, milliy birlik va hamjihatlikni ulug‘lovchi, Vatanga sadoqat, fidoyilik, tinchlik va bunyodkorlik g‘oyalarini chuqur ifoda etuvchi ramz sifatida shakllanishi lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, monument kompozitsiyasida tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligi, inson qadrini ulug‘lash, do‘stlik, bag‘rikenglik va umumxalq birdamligi kabi umuminsoniy qadriyatlarni badiiy vositalar orqali yorqin aks ettirish yuzasidan qator fikr va takliflar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida eskiz loyihalarini bildirilgan tavsiyalar asosida yanada takomillashtirish hamda yakuniy konsepsiyani puxta shakllantirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi. Ta’kidlanganidek, yaratilajak “Vatan fidoyilari” ramziy monumenti xalqimizning milliy g‘ururi, Vatanga muhabbati va Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari timsolini o‘zida mujassam etgan yuksak badiiy asar bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA