O‘zbekiston va Gruziya qo‘shma madaniy loyihalarni kengaytirishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning Gruziyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Gruziya Madaniyat vazirligi rahbariyati Maka Gurgenidze bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning bugungi holati, uni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muzokaralar chog‘ida kinematografiya sohasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma badiiy va hujjatli filmlar hamda boshqa ijodiy loyihalarni amalga oshirish, teatr sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ikki mamlakat teatr jamoalarining o‘zaro gastrol safarlarini tashkil etish va qo‘shma spektakllarni sahnalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘zbek milliy maqom san’ati va gruzin milliy musiqasi ishtirokida qo‘shma konsert dasturlarini tashkil etish, raqamli madaniyat yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham o‘zaro takliflar bildirildi. Tomonlar keyingi yillarda amalga oshirilgan qator madaniy tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

Xususan, 2025-yilning 9–12-iyul kunlari Tbilisi shahrida o‘tkazilgan "O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari", shuningdek, joriy yilning 9–11-mart kunlari Toshkent shahrida yuqori saviyada tashkil etilgan "Gruziya madaniyati kunlari" madaniy almashinuvlarni yangi bosqichga olib chiqqan muhim tadbirlar sifatida e’tirof etildi.
Maka Gurgenidze o‘z navbatida o‘zbek va gruzin xalqlarining boy madaniy merosi, umumiy qadriyatlari va tarixiy yaqinligi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratishini ta’kidladi. U yangi qo‘shma madaniy tashabbuslar va ijodiy loyihalarni amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Gruziya Madaniyat vazirligi o‘rtasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturini imzolashga tayyor ekanliklarini bildirib, madaniy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga o‘zaro intilishlarini tasdiqladi.
Rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Gruziyaning mashhur “Erisioni” davlat akademik xalq qo‘shiq va raqs ansambli faoliyati bilan ham tanishdi. Vazir ansamblning ijodiy salohiyati, milliy san’at an’analarini asrab-avaylash borasidagi tajribasi hamda xalqaro maydondagi faoliyati yuzasidan ma’lumotlar oldi.
Aytish kerakki, “Erisioni” davlat akademik xalq qo‘shiq va raqs ansambli 1885-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Gruziyaning eng nufuzli milliy ijodiy jamoalaridan biri hisoblanadi. Ansambl o‘ziga xos xoreografiyasi, ko‘p ovozli milliy qo‘shiqchilik an’analari va boy milliy liboslari bilan jahonning ko‘plab mamlakatlarida yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri