Vashington shahrida Markaziy Osiyo davlatlari elchixonalarining Navro‘z bayrami tashkil etildi
AQSHning Vashington shahridagi Milliy Osiyo san’ati muzeyida Markaziy Osiyo davlatlari diplomatik vakolatxonalari ishtirokida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu ulug‘ ayyomda O‘zbekiston elchixonasi faol qatnashib, milliy ekspozitsiyasini namoyish qildi. Ekspozitsiya doirasida an’anaviy kulolchilik buyumlari, boy madaniy meros namunalari, shuningdek, yurtimizning sayyohlik imkoniyatlarini aks ettiruvchi targ‘ibot materiallari keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari elchixonalarining birgalikda ishtirok etishi madaniy muloqotni yanada rivojlantirish, shu bilan birga, mintaqaga xos yagona ijobiy imijni shakllantirishga xizmat qildi. Qo‘shma taqdimotda esa mintaqaning boy tarixi va madaniy merosi keng xalqaro auditoriyaga namoyish etildi.
Muzeyda o‘tgan yig‘inda mahalliy aholi, xorijiy sayyohlar hamda ekspertlar ishtirok etib, ko‘p sonli mehmonlar tashrif buyurgan. Bu esa O‘zbekistonning madaniy va sayyohlik salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir davomida muzey direktori Cheyz Robinson O‘zbekiston nafaqat o‘z milliy madaniyati, balki butun Markaziy Osiyo madaniy merosini jahon hamjamiyatiga yetkazishda muhim o‘rin tutayotganini alohida ta’kidladi. Mamlakat rahbariyatiga ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan sa’y-harakatlar uchun minnatdorlik ham bildirilgan.
B.XUDOYBERDIEV,
O‘zA