Uzumchilik O‘zbekistonning xalqaro brendiga aylanadi
Farg‘ona viloyatida uzumchilik deganda, avvalo, Oltiariq tumani ko‘z oldingizga keladi. Bu hududda uzum yetishtirish oddiy qishloq xo‘jaligi tarmog‘i emas, balki avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan o‘ziga xos dehqonchilik maktabidir.Oltiariqlik bog‘bonlar uzum parvarishining agrotexnik usullarini, nav tanlash, hosilni saralash, saqlash va bozorga chiqarishning o‘ziga xos usullarini yillar davomida takomillashtirib kelgan. Shu bois bu yerda yetishtirilayotgan uzum nafaqat O‘zbekiston bozorida, balki xorijda ham o‘z xaridorlariga ega.
Oltiariq uzumchiligining muhim ustunliklaridan biri navlar xilma-xilligi va ularning bozor talabiga moslashtirilganidir.
Bugun eksportbop navlar orasida Rizamat, Husayni, Kelinbarmoq, Qora kishmish kabi navlar alohida oʻrin tutadi.
– Hozirda “Xayrullo Boymatov” fermer xoʻjaligimizda 200 gektar bogʻ bor, – deydi ish yurituvchi Muhammadali Mamadisayev. – Hozir 10 xil navli uzumlar bor. F1, Mercedes, urugʻi yoʻq navlar yetib keldi. Ularni payvand qildik. Avatar, Lamborghini, Manicure Finger navlari chatishtirildi.
Fermer xoʻjaligi mutaxassislari endi eʼtiborni xaridorning turli tabaqasiga qaratishmoqda. Yaʼni ayrim kasallik bilan ogʻrigan bemorlar ham endi uzumdan bebahra qolmaydilar.
– Undan tashqari, Maksim degan uzum navi bor. Glyukozasi oʻta past miqdorda. Qand kasali bor odamlar ham yesa boʻladi, – deydi Muhammadali Mamadisayev.

Uzum yetishtirishning oʻzi hali yuqori eksport daromadini kafolatlamaydi. Hosilni yigʻib olingandan keyin uning sifatini saqlab qolish, saralash, sovutish va belgilangan muddatda isteʼmolchiga yetkazish ham muhim.
Shu maʼnoda Oltiariqda sovutkichli omborxonalar tarmogʻining rivojlanayotgani katta ahamiyatga ega. “Xayrullo Boymatov” fermer xoʻjaligining oʻzida 2 ming tonna sigʻimga ega sovutgichli omborxona bor.
Bu tajribaning iqtisodiy ahamiyati shundaki, fermer hosilni pishgan paytda darhol arzon narxda sotib yuborishga majbur boʻlmaydi. Saqlash imkoniyati mavjud boʻlsa, bozor konyunkturasi, eksport shartnomalari va narxlarni hisobga olgan holda mahsulotni keyinroq ham realizatsiya qilish mumkin.

2025-yil yanvar-dekabr oylarida Fargʻona viloyati 98,6 ming tonna uzumni 97,5 million AQSH dollariga eksport qilgan edi. Shu yilning bugungi kunigacha esa bir necha oʻn ming tonna uzum Osiyo, Yevropa mamlakatlariga, hatto Amerikaga ham yoʻl oldi.
Oltiariqda uzumchilikni yanada rivojlantirish uchun bir necha yoʻnalish ayniqsa muhim.
Birinchidan, eksportbop yangi navlarni koʻpaytirish zarur. Jahon bozorida tashqi koʻrinishi chiroyli, yirik, shirin, urugʻsiz va tashishga chidamli uzumga talab yuqori.
Ikkinchidan, qadoqlash madaniyatini oshirish muhim. Yevropa va boshqa yuqori talabli bozorlarda mahsulotning taʼmi bilan bir qatorda qadogʻi, yorligʻi, kelib chiqishi, donadorligi va fitosanitar hujjatlari ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Uchinchidan, uzumchilikni turizm bilan bogʻlash mumkin. Uzumzorlar, qadimiy tokchilik anʼanalari, hosil bayramlari, uzumni qayta ishlash va quritish texnologiyalari asosida agroturizm yoʻnalishlarini tashkil etish hudud iqtisodiyotiga qoʻshimcha daromad keltiradi.
Bugun Oltiariq uzumi oddiy qishloq xoʻjaligi mahsulotigina boʻlib qolmay, koʻproq eksportbop brendga aylanib bormoqda.
<iframe width=“640” height=“350” src="https://www.youtube.com/embed/fddd1Ok8i7Q“ title=”Uzumchilik – Oʻzbekistonning xalqaro brendiga aylanadi“ frameborder=”0“ allow=”accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share“ referrerpolicy=”strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video),
OʻzA