Tadbirkorlikning huquqiy asosi mustahkamlangani yangi imkoniyatlarni ochmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis kun tartibidan bir qator qonun loyihalari va parlament nazoratiga oid masalalar o‘rin olgan.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari R.Hakimov mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan «Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya mohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Unda xorijiy parlamentariylar va xalqaro tashkilotlar vakillari mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni keng e’tirof etganini ta’kidladi.
Shuningdek, Spiker o‘rinbosari bugun bo‘lib o‘tayotgan Prezidentimizning tadbirkorlar bilan navbatdagi VI Ochiq muloqoti xususida ham to‘xtaldi. Qayd etilganidek, mazkur muloqotga tayyorgarlik doirasida tadbirkorlardan 6 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 4,2 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgan.
Yurtimizda tadbirkor va ishbilarmonlar faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan holatlar bartaraf etilayotgani, logistika xarajatlari, eksportga chiqish, mahsulotlarni sertifikatlash va bojxona jarayonlari soddalashtirilayotgani, ishbilarmonlar bilan tizimli ishlar olib borilayotgani e’tirof etildi. Sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, “Tadbirkorlar kuni” arafasida bir guruh tadbirkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani yurtimizda ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor namunasi ekanligi ta’kidlandi.
M.Komilova, O‘zA