Ustozlar milliy forumida o‘qituvchilar mehnati e’tirof etildi
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida V Ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun davom etgan forum doirasida 16-umumta’lim maktabida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda ta’lim tizimining dolzarb masalalari, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik hamda pedagoglarning kasbiy rivojlanishiga oid ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Shu’ba mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, boshqaruv samaradorligini oshirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan tanishdilar.

Shuningdek, turli sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yinida pedagoglar o‘z bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Barcha tuman va shaharlardan 500 nafarga yaqin pedagog jam bo‘lgan madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan forumning yakuniga bag‘ishlangan tadbirni viloyat hokimi Normat Tursunov ochib berdi.
Ta’kidlanganidek, viloyatda 1421 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi esa 85,4 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 382 ta, shundan 367 ta maktab, 7 ta nodavlat maktab, 7 ta ixtisoslashtirilgan, 1 ta Prezident maktabi faoliyat olib bormoqda. Ushbu maktablarda 189 ming nafardan ortiq o‘quvchilarga 21 ming nafardan ortiq pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
Joriy yilda umumta’lim maktablarini bitirgan o‘quvchilarning 518 nafari hamda ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilaridan 61 nafari maksimal ballni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin grant asosida oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi. Turli olimpiadalarda esa o‘quvchilar 41 ta sovrinli o‘rinlarni egallashdi.

– Bugungi kunda Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 2035 nafar chet tili o‘qituvchilari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 1657 nafarida yoki 81 foizida, shuningdek, 5470 nafar o‘quvchida ham xalqaro va unga tenglashtirilgan milliy sertifikatlar mavjud, – deydi boshqarma boshlig‘i Ra’no Hayitova. – Maktablarimizda chet tillarini o‘qitish sifatini yaxshilash, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish va o‘quvchilarning xorijiy tillar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida 55 nafar xorijiy mutaxassis jalb etildi. Viloyatdagi 19 ta maktabgacha va 135 ta umumta’lim muassasasida inklyuziv ta’lim joriy etilib, 367 nafar bola qamrab olindi.

Forumda viloyat hokimi tomonidan ta’lim tizimi va kitobxonlik madaniyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbus ilgari surildi. Viloyat rahbari maktab kutubxonalari fondini boyitish, o‘quvchilar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yanada ommalashtirish hamda zamon talablariga mos kutubxona muhitini yaratish maqsadida maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga 500 million so‘mlik sertifikat topshirdi. Ushbu mablag‘ maktab kutubxonalarini yangi va sara badiiy hamda ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan boyitishga va o‘quvchilarning sifatli bilim olishlari uchun munosib sharoit yaratishga yo‘naltiriladi.


Tadbirda bir guruh pedagoglar tizimdagi faolligi, tashkilotchiligi hamda sohani rivojlantirishdagi xizmatlari uchun viloyat hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri