ADABIY KO‘PRIK: VATAN, TURON VA QARDOSHLIK TARANNUMI
Dunyo xaritasida shunday xalqlar borki, ularni nafaqat jug‘rofiy chegaralar, balki azaliy ildizlar, yagona tarix, til va ma’naviy qadriyatlar mustahkam bog‘lab turadi. O‘zbek va ozarbayjon xalqlari ana shunday qondosh va qardosh ellardir. Navoiy va Nizomiy, Bobur va Fuzuliy nafasi bilan sug‘orilgan bu ma’naviy zamin bugungi davrda yangicha sur’at va mazmun bilan boyib bormoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat siyosiy va iqtisodiy sohalarda, balki ilmiy-ma’rifiy, madaniy va adabiy yo‘nalishlarda ham yuksak cho‘qqiga ko‘tarildi. Kutubxonachilik va kitob ayirboshlash, qo‘shma ilmiy anjumanlar, san’at festivallari va tarjimashunoslik sohasidagi keng ko‘lamli hamkorlik buning yorqin isbotidir.
Mazkur adabiy-madaniy aloqalarning rivojlanishida, shubhasiz, ikki elning ma’rifatparvar ziyolilari va ijodkorlarining o‘rni beqiyos. Ana shunday fidoyi va betakror ijodkorlardan biri — ozarbayjonlik taniqli shoira, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkiya Yozuvchilar uyushmalari a’zosi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Turkiya Fanlar akademiyasining faxriy professori Xuraman xonim Murodovadir. Uning serqirra ijodi va jamoatchilik faoliyati turkiy birdamlik, mustaqillik va vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgani bilan ajralib turadi.
Xuraman Murodovaning ijodiy faoliyati ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi adabiy muhitni junbushga keltirishda va ma’naviy ko‘priklarni yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shoiraning o‘zbek o‘quvchilariga bag‘ishlangan “Vatan ishqi — Turon sevgisi” nomli she’riy to‘plami ushbu do‘stlik va ijodiy hamkorlikning amaliy hosilidir. Taniqli tarjimon Karim Bahriyev tomonidan mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan va filologiya fanlari doktori Gulbahor Ashurova so‘zboshi yozgan ushbu manzumalar to‘plamida Vatanga sadoqat, millat sha’ni, tinchlik, turkiy birdamlik va azaliy muhabbat mavzulari yuksak mahorat bilan tarannum etilgan.
[gallery-30987]
Ozarbayjonlik shoiraning yurtimizga uyushtirgan tashriflari va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvlari adabiy jamoatchilikda katta aks-sado berdi. Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi, Fuzuliy ilmiy tadqiqot markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari hamda olimlar ishtirok etgan tadbirlar shuni ko‘rsatdiki, Xuraman Murodovaning she’riyati o‘zbek kitobxoni qalbiga juda yaqin va qadrlidir. Shoiraning o‘zi e’tirof etganidek, u hali O‘zbekistonga kelmasdan turib ham o‘z qalbida bu qadimiy, sirli va tabarruk diyorga nisbatan chuqur muhabbat tuygan va ijodida o‘zbek xalqiga bag‘ishlab o‘nlab samimiy she’rlar bitgan.
Bugungi kunda ham Xuraman xonim Murodovaning yangi ijod namunalari mohir olim va tarjimon Zuhriddin Isomiddinov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilmoqda. Bu esa ijodiy muloqotning bardavomligini, adabiy aloqalar izchil va tizimli ravishda yuksalib borayotganini anglatadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Xuraman Murodova ijodi — shunchaki she’riyat emas, balki turkiy dunyoning ma’naviy birligini, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi abadiy do‘stlik va qardoshlikni tarannum etuvchi o‘ziga xos madaniy fenomendir. Madaniy va ilmiy sohadagi bu kabi samimiy muloqotlar ikki xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtirishga, tarixiy va ma’naviy ildizlarimizni asrab-avaylashga hamda kelajak avlodlarga bezavol yetkazishga xizmat qilaveradi.
Gulbahor Ashurova,
filologiya fanlari doktori, professor,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy — tadqiqot markazi rahbari