Urug‘lik kartoshka yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalar samara bermoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani Qirontov ovuli hududida joylashgan Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining tajriba dala maydonida urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar muvaffaqiyatli olib borilmoqda.
Mazkur tajriba maydonida urug‘likni ko‘paytirish maqsadida 6 gektar yerga Belarus Respublikasidan keltirilgan «Manifest» va «Pershatsvet» navli kartoshka ekilgan. Ekinlar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida parvarish qilinib, mazkur usulning samaradorligi amaliyotda sinovdan o‘tkazilmoqda.
O‘z vaqtida amalga oshirilgan sug‘orish, sifatli urug‘likdan foydalanish, shuningdek, zararkunanda va kasalliklarga qarshi agrotexnik tadbirlarning izchil bajarilishi yuqori hosildorlikka erishish imkonini bermoqda.
[gallery-30587]
Hozirgi kunda tajriba maydonida har gektardan 30 tonnadan ortiq kartoshka hosili olinmoqda. Bu natija zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyasi, ilg‘or agrotexnik yondashuvlar hamda mutaxassislarning samarali mehnati samarasi hisoblanadi.
Mazkur tajriba kelgusida urug‘lik kartoshka yetishtirishda suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish uchun muhim amaliy asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat, video), O‘zA