Yangi o‘quv yilida talabalar uchun qanday yangiliklar joriy etiladi?
Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini baholash va nazorat qilish tartibini takomillashtirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjatga ko‘ra, 2026–2027 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilinadigan talabalar uchun bilimni baholashning yangi tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Loyihada 100 ballik baholash tizimi saqlab qolinishi belgilangan. Unga muvofiq, joriy nazorat uchun 30 ball, oraliq nazorat uchun 20 ball, yakuniy nazorat uchun esa 50 ball ajratiladi. Tibbiyot yo‘nalishlarida esa ballar alohida tartibda taqsimlanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, yakuniy imtihonlarni ovozli va videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan auditoriyalarda o‘tkazish hamda videoyozuvlarni kamida bir yil davomida saqlash taklif etilmoqda. Loyihada uch oy ichida onlayn kuzatuv va kompyuterda imtihon topshirish platformalarini ishlab chiqish, har bir semestr yakunida talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun esa Brayl alifbosi, ovozli o‘qish tizimi va assistent yordami kabi moslashtirilgan imtihon shakllarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Mazkur qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, taklif va mulohazalar belgilangan tartibda qabul qilinmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA