Ulushli qurilishlarga oid munosabatlar tartibga solinadi
Bugun qaysi hududga bormang, qurilish va bunyodkorlik ishlari avjida ekanligiga ko‘zingiz tushadi. Yangidan-yangi uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari, biznes markazlar zamonaviy ko‘rinishlarda qad rostlamoqda. Bu borada statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda keyingi yillarda qurilish hajmi 17,5 baravarga ko‘paygan. O‘z navbatida, mamlakatimizda qurilish sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, barcha bosqichlarda shaffoflikni ta’minlash, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini samarali ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biroq qurilish tez sur’atlarda o‘sishiga qaramasdan ayrim muammolar ham saqlanib qolmoqda. Masalan, ayrim hollarda quruvchi (developerlar) tomonidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish grafigiga rioya qilinmayapti. Ulushli shartnomalar esa fuqarolarning manfaatlarini yetarlicha inobatga olmasdan tuzilmoqda. Qurilish ob’ektlari, uy-joylar belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilmayapti.
Qurilish bozorida yetarlicha tajribaga ega bo‘lmagan quruvchilar ko‘payib, muammoli qurilish ob’ektlari ortib borayotgani ham sir emas. Shu bilan birga, ulush kiritish asosida ko‘p kvartirali uylarni qurish sohasidagi munosabatlar alohida qonun bilan tartibga solinmagan. Bu kabi holatlar natijasida ko‘plab fuqarolar uy-joy sotib olish jarayonida muammolarga duch kelmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasiga kiritildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarining qurilishiga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qilishga oid munosabatlarni qonun darajasida belgilash nazarda tutilmoqda. Loyihada belgilangan normalar orqali qurilishga ulush kiritishning amaldagi mexanizmi tubdan takomillashtirilib, ulushdorlarning huquq va qonuniy manfaatlari, ularning mablag‘larini kafolatli himoya qilish nazarda tutilmoqda.
Loyihada nazarda tutilayotgan normalar qurilish jarayonidagi ulushdorlarning huquqlari, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilishga, qurilishga ulush kiritish tartiblarini belgilashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qurilish ob’ektlari, uy-joylarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish, qurilish grafigiga amal qilish kabi masalalarni ham tartibga soladi.
M.Komilova, O‘zA