Tibbiyot xabarlari
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy bilan uchrashdi.
Muloqotda mazkur davlat bilan tibbiyot yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda davlatlarimiz rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlar natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash yo‘nalishida ham izchil rivojlanmoqda. Buni ikki davlat Sog‘liqni saqlash vazirliklari, tibbiyot markazlari hamda oliy ta’lim muassasalari aloqalari faollashib borayotgani yaqqol tasdiqlaydi.
Uchrashuvda hamkorlikni yanada kengaytirish masalasiga katta e’tibor qaratildi. Xususan, yetakchi tibbiyot markazlari o‘rtasida kardioxirurgiya, transplantologiya, onkologiya, yuqori texnologiyali tibbiy yordam sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Yakunda tomonlar yaqin istiqbolda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.
***

Dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar vakillari ishtirokida navbatdagi onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi.
Muloqot davomida “PHARMACON LLC” MCHJ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatini uzaytirish uchun taqdim etilgan 13 nomdagi dori vositalari, shuningdek, “SULTON MEDPHARM” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan 5 nomdagi dori vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda mazkur dori vositalari bo‘yicha ekspertiza jarayonlari muhokama qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, hujjatlarni amaldagi talablar asosida takomillashtirish hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini samarali tashkil etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
***

Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda AQSHning "Dana-Farber Cancer Institute" vakillari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
"Dana-Farber Cancer Institute" onkologiya sohasidagi dunyodagi yetakchi tibbiy va ilmiy markazlardan biri bo‘lib, Harvard Medical Schoolning yetakchi klinik muassasalaridan hisoblanadi. Institut saraton kasalliklarining profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va klinik tadqiqotlar yo‘nalishlarida xalqaro miqyosda faoliyat yuritadi.
Uchrashuvda institutning Klinik tadqiqotlar va aholi salomatligi yo‘nalishi bo‘yicha yetakchi mutaxassisi, professor Timoti Rebbek (Timothy Rebbeck) ishtirok etib, klinik tadqiqotlarni tashkil etish, onkologiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar klinik tadqiqotlar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish hamda onkologiya yo‘nalishida innovatsion yondashuvlarni joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Uchrashuv yakunida klinik tadqiqotlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va onkologiya yo‘nalishidagi hamkorlikni bosqichma-bosqich kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA