Uch davlatning yosh og‘ir atletikachilari Chirchiqda kuch sinashmoqda
Chirchiq shahrida og‘ir atletika bo‘yicha sport ustasi Tursunboy Abdumalikov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan xalqaro turnirda mamlakatimizning yosh sportchilari bilan bir qatorda qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘istondan kelgan navqiron avlod vakillari g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
– O‘smir yoshlar o‘rtasida musobaqalar sonini oshirish iste’dodlarni saralash, tanlash, yo‘naltirishda muhim omil sanaladi. Ikkinchi bor tashkil etilayotgan mazkur musobaqa sport maktablarida, og‘ir atletika guruhlarida shug‘ullanib kelayotgan kichik o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilayotgani ayni muddao bo‘ldi. Bilasiz, nafaqat yurtimizda xalqaro maydonda ham kichik o‘smirlar o‘rtasida ommaviy musobaqalar kam tashkil etiladi. Maqsadimiz, endi-endi sport mashg‘ulotlariga kirib kelayotgan yoshlar o‘rtasida raqobatni kuchaytirish orqali terma jamoaga munosib zaxira tayyorlash, – deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi O.Mahmudov.


Yoshlarga ruhiy quvvat, o‘z kuch va iste’dodiga ishonch hissini jo etayotgan xalqaro turnirda g‘olib va sovrindorlikka erishayotgan yosh sportchilar diplom, medal, esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanmoqdaki, bu, sport bilan tizimli shug‘ullanishni ommalashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA