Turkiyada yashash uchun ruxsatnoma narxi keskin oshirilmoqda
Turkiyada yashash uchun ruxsatnoma olish narxi keskin oshirildi. Ushbu qoida 1-maydan kuchga kirdi. Migratsiya bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim toifalar uchun to‘lov 930 foiz ko‘tarildi. Ayni holat amaldagi migratsiya to‘lovi tizimini sezilarli darajada o‘zgartiradi.
Ilgari ko‘pchilik xorijiy fuqarolar yashash uchun ruxsatnoma uchun yiliga taxminan 85 dollar to‘lar edi. Endi esa olti oy uchun 315, uch yilga 1857 dollar ajratishga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari maxsus ro‘yxatga kiritilmagan mamlakatlar uchun hisoblash tartibi o‘zgardi. Oylik badal yangi tizim yordamida hisoblanadi va yakuniy miqdor onlayn ariza tizimi orqali aniqlanadi.
Mazkur qoida qisqa muddatli va oilaviy yashash, ko‘chmas mulk egasi uchun, investitsiya va ta’lim dasturi bilan bog‘liq ruxsatnomalar kabi, deyarli, barcha asosiy toifalarga taalluqli. Ishlash uchun ruxsatnomaga to‘lov ham sezilarli darajada oshishi kutilyapti. Faqat universitet talabalari va ba’zi dasturlar bundan mustasno. Uzoq muddat yashash ruxsatnomasiga ega ayrim toifalar uchun faqat asosiy karta bo‘yicha to‘lov qilish bilan bog‘liq avvalgi tartib saqlab qolinadi, deyilgan “Turkiye Today” nashri e’lon qilgan xabarda.
S.Rahimov, O‘zA