Toza havo — sog‘lom hayot garovi
Bugun havo sifati nafaqat ekologik, balki aholi salomatligi, shaharlar infratuzilmasi, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish bilan bevosita bog‘liq muhim masalaga aylandi.
Shu bois, atmosfera havosini muhofaza qilish va uning sifatini yaxshilash O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanmoqda.
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — “Green University”da tashkil etilgan davra suhbatida ham aynan shu masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kenji Hirata, BMTning Atrof-muhit dasturi (UNEP) Yevropa mintaqaviy byurosi vakili Xosseyn Fadai, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili o‘rinbosari Anas Karman, “Zamin” xalqaro jamoat fondi direktori Aziz G‘aniyev, shuningdek, mahalliy va xorijlik mutaxassislar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi sog‘liqni saqlash, sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va iqlim siyosati bilan uzviy bog‘liq holda olib borilmoqda. Bunda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Toza havo” umummilliy loyihasi muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur loyiha mamlakatning milliy maqsadi — 2030-yilga qadar atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirishga xizmat qiladi.
Havo ifloslanishini kamaytirish uchun, avvalo, uning holatini aniq va muntazam kuzatib borish zarur. Shu maqsadda O‘zbekistonda havo sifatini monitoring qilish tizimi bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda. “Zamin” fondi ko‘magida 28 ta HORIBA monitoring stansiyasi tashkil etilgan. Endilikda bu tizimni yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda. Respublika hududlarida 347 ta kichik avtomatlashtirilgan havo sifati monitoring stansiyasini tashkil etish, shuningdek, yana 2 ta HORIBA stansiyasini xarid qilish va bosqichma-bosqich ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Ushbu stansiyalar orqali olinadigan ma’lumotlar Qo‘mitaning yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi. Bu esa nafaqat havo sifatini kuzatish hududini kengaytiradi, balki ifloslanish darajasini aniqroq baholash va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
“Zamin” xalqaro jamoat fondi direktori Aziz G‘aniyev ta’kidlaganidek, “Toza havo” umummilliy loyihasining mazmun-mohiyati faqat monitoring stansiyalarini o‘rnatish bilan cheklanmaydi.
2020-yilda havo sifatini monitoring qilish tizimini kuchaytirish maqsadida boshlangan tashabbus bugunga kelib davlat tashkilotlari, ekspertlar, olimlar va xalqaro hamkorlar uchun ishonchli havo sifati ma’lumotlaridan ochiq va amaliy foydalanish imkonini beruvchi keng qamrovli milliy tizimga aylanib bormoqda. Ya’ni, bu yerda asosiy maqsad faqat “havo qanday?” degan savolga javob topish emas. Muhimi — “havo nega ifloslanmoqda va uni yaxshilash uchun nima qilish kerak?” degan savollarga aniq yechim topish.
Chang bo‘ronlari va havo oqimlari bir davlat hududi bilan cheklanib qolmaydi. Shu sababli havo sifatini yaxshilashda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Xalqaro toza havo konsorsiumini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgani muhim qadam sifatida qayd etildi. Mazkur tashabbus Qozog‘iston Prezidenti tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan.
Tadbirda Yaponiya hukumati, BMT Taraqqiyot dasturi, BMT Atrof-muhit dasturi, Finlyandiya meteorologiya instituti, “Zamin” fondi va boshqa hamkorlarning bu boradagi hissasi yuqori baholandi.
O‘zbekistonda 2030-yilgacha ifloslantiruvchi moddalar chiqindisini 10,5 foizga kamaytirish maqsadining belgilanishi ham shu yondashuvni ifodalaydi.
Havo sifatini monitoring qilish tarmog‘ining kengayishi esa muammoni o‘z vaqtida aniqlash, uning manbalarini o‘rganish va samarali choralarni belgilash uchun zarur axborot bazasini yaratadi. Eng muhimi, bu jarayonda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda olimlar, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va jamoatchilikning hamkorligi kuchaymoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA