Maktabda 5 baho o‘rniga 100 ballik tizim: endi o‘quvchi qanday baholanadi?
“Bugun necha baho olding?” – maktabdan qaytgan farzandidan ota-ona ko‘pincha birinchi bo‘lib shuni so‘raydi. Endi esa bu savolga javob oddiy “4” yoki “5” bilan cheklanmasligi mumkin.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim maskanlarida joriy etilayotgan yangi baholash tizimi o‘quvchining faqat yod olgan ma’lumotini emas, balki mavzuni tushunishi, mustaqil fikrlashi, bilimidan amalda foydalana olishi va o‘qish jarayonidagi natijasini kompleks baholashga qaratilgan. Yangi tizimda choraklik natija 100 ball asosida shakllanadi.
Xo‘sh, bu 100 ball qayerdan yig‘iladi?
10 ball — o‘quvchining darsdagi ishtiroki uchun
Yangi tizimda o‘quvchining dars jarayonidagi o‘zlashtirishi ham e’tibordan chetda qolmaydi.
Bu formativ baholash orqali amalga oshiriladi va choraklik natijaning 10 ballini tashkil etadi. Bunda o‘quvchining mavzuni o‘zlashtirishi dars davomida muntazam kuzatib boriladi. Eng muhimi, xato faqat “baho” bilan qayd etib qo‘yilmaydi. Aksincha, o‘quvchiga o‘z xatosini tushunish va uni tuzatish imkoniyati beriladi.
Ya’ni yangi yondashuvda xato — yakuniy natija emas, o‘rganish uchun imkoniyat sifatida qaraladi.
50 ball — bob bo‘yicha bilimni sinaydi
Choraklik natijaning eng katta qismi — 50 ball — BSB, ya’ni bob bo‘yicha summativ baholash hisobiga to‘g‘ri keladi. U orqali o‘quvchining muayyan mavzu yoki bobni qay darajada o‘zlashtirgani aniqlanadi. Masalan, o‘quvchi biror mavzuni yoddan aytib berishi mumkin. Ammo uni tushunganmi? Olgan bilimini yangi vaziyatda qo‘llay oladimi? Savolga mustaqil javob beradimi? Yangi baholashda aynan shu jihatlarga e’tibor qaratiladi.
Yana 40 ball — chorak yakunida
Qolgan 40 ball esa CHSB — chorak bo‘yicha summativ baholash orqali shakllanadi.
Bu bosqichda o‘quvchining butun chorak davomida egallagan umumiy bilimi va amaliy ko‘nikmalari yakuniy baholanadi.
Shunday qilib, o‘quvchining choraklik natijasi uchta asosiy qismdan tarkib topadi:
10 ball + 50 ball + 40 ball = 100 ball.
Aslida nega baholash tizimi o‘zgaryapti?
Yangi tizimning asosiy maqsadi o‘quvchini faqat baho uchun o‘qishga emas, bilimni tushunish va undan foydalanishga yo‘naltirishdir. Chunki hayotda insondan ma’lumotni yoddan aytib berishdan ko‘ra, uni tushunish, tahlil qilish, mustaqil qaror qabul qilish va amalda qo‘llash ko‘proq talab etiladi. Masalan, matematik formulani yoddan bilishning o‘zi yetarli emas. Uni masalani yechishda qo‘llay olish muhim. Yoki tarixiy sanalarni eslab qolish bilan birga, voqealar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunish ham ahamiyatli.
Shu nuqtai nazardan yangi baholash tizimi “nima yodlandi?” degan savoldan “nima tushunildi va uni qayerda qo‘llash mumkin?” degan yondashuvga o‘tishni anglatadi.
Yangi tizimda ota-ona farzandining faqat yakuniy bahosiga emas, u qanday natija ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratishi mumkin.
Farzand 100 balldan, masalan, 70 ball olgan bo‘lsa, bu raqamning o‘zi hali hamma narsani anglatmaydi. Muhimi — ushbu natija qaysi bosqichlarda shakllangani va o‘quvchi qaysi ko‘nikmalarni yana rivojlantirishi kerakligini tushunish. Shu bois baholash jarayoni o‘quvchi, o‘qituvchi va ota-ona o‘rtasidagi muloqot uchun ham asos bo‘lishi mumkin.
Yangi tizimning eng muhim jihati shundaki, baholash faqat o‘quvchining bugungi natijasini qayd etish bilan cheklanmaydi. U keyingi natijani yaxshilash uchun yo‘nalish ko‘rsatishi kerak.
O‘quvchi qayerda xato qildi? Qaysi mavzuni yaxshi o‘zlashtirmadi? Qaysi ko‘nikmasini rivojlantirishi zarur? Aynan shu savollarga javob topish orqali baholash ta’lim jarayonining bir qismiga aylanadi.
Demak, yangi 100 ballik tizimni oddiy qilib aytganda, “ko‘proq baho qo‘yish” emas, o‘quvchining bilimini aniqroq ko‘rish va uni yanada rivojlantirish mexanizmi deb tushunish mumkin.
Zero, ta’limda eng muhim natija — o‘quvchining daftardagi bahosi emas, olgan bilimini hayotda qo‘llay oladigan darajaga yetishidir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA