Toshkentda yangi avtobus yo‘nalishi ishga tushdi
Poytaxtda jamoat transporti qamrovini kengaytirish va aholi uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida yangi avtobus yo‘nalishi tashkil etildi.
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, 2026-yil 18-avgustdan Toshkent shahrida 79-sonli “TTZ ASHB — Beruniy metrosi” avtobus yo‘nalishida muntazam qatnovlar boshlandi.
Yangi yo‘nalish TTZ ASHB bekatidan boshlanib, Yuzrabot, Feruza, M.Ulug‘bek, Shohimardon Mo‘minov va Ziyolilar ko‘chalari, Kichik halqa avtomobil yo‘li hamda Forobiy ko‘chasi orqali “Beruniy metrosi” bekatigacha harakatlanadi.
Avtobuslar har kuni soat 05:30 dan 23:00 gacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Yo‘nalishga zamonaviy talablarga javob beradigan 8 ta yangi o‘rta sig‘imli “YUTONG” rusumli avtobus biriktirilgan. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish “IDEAL AUTO SERVICE” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi.
Yangi yo‘nalishning yo‘lga qo‘yilishi ushbu hududlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi, yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqtini qisqartirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, shahar jamoat transporti tizimini takomillashtirish, yo‘nalishlar qamrovini kengaytirish va aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA