Ta’lim tizimidagi islohotlar nimani o‘zgartirdi?
Cifatli ta’lim — mamlakatning ertangi taraqqiyotini belgilab beradigan eng muhim omillardan biri.
Shu bois so‘nggi yillarda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida infratuzilmani yangilashdan tortib, o‘quvchilar bilimini baholash, pedagog maqomini oshirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xo‘sh, sohadagi islohotlar qanday natija berdi?
Mazkur savol yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda mamlakatda 625 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etildi. Bugun maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 39 mingtaga yetgan. Bu esa bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasining 78 foizga ko‘tarilishiga xizmat qildi. Maktabgacha ta’lim maskanlarida nafaqat qiyofa, balki dasturlar ham o‘zgardi.
– Har qanday maqsad va islohotlar natijadorligiga ilm-fan bilan yetib boriladi, – deydi Erkin Murodov. – Tizimda bajarilgan jarayonlarning ko‘lamini raqamlar ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. Xususan, maktablar infratuzilmasida ham salmoqli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shu davrda 304 ta yangi maktab qurildi, 3 500 dan ortiq maktab ta’mirlandi. Bu, avvalo, o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay ta’lim muhitini yaratishga qaratilgan.
Qariyb 3 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar tajribasi asosidagi baholash tizimi joriy etildi. Yangi tizim o‘quvchilar bilimini baholashda qanday natija bermoqda?
– Ta’lim sifati faqat yangi binolar yoki zamonaviy jihozlar bilan belgilanmaydi. O‘quvchining bilimini xolis baholash ham muhim. Shu maqsadda qariyb 3 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar tajribasi asosidagi baholash tizimi joriy etildi. Bu yondashuv o‘quvchining faqat yodlagan ma’lumotini emas, balki bilimni amalda qo‘llay olish qobiliyatini ham baholashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Ta’lim tizimida o‘qituvchining o‘rni ham alohida e’tibor markazida. “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi o‘qituvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning kasbiy nufuzini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Qonunchilikda pedagoglarning faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bundan tashqari ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish tizimlari joriy etildi. Minglab pedagoglar yuqori maosh oluvchi xodimlar qatoriga kirdi. Mana shu islohotlar ta’limda ham o‘z samarasini berdi. Masalan maktab bitiruvchilari orasida oliy ta’lim muassasalariga kiruvchilar soni ko‘paydi, iqtidorli o‘quvchilar xalqaro olimpiadalarda yuqori marralarni zabt etdi. Masalan, o‘tgan yili xalqaro olimpiadalarda 210 ta medal qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, bu yil medallar soni 250 taga yetdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 10 dan ortiq davlat xizmati joriy etildi. Bu fuqarolarga ayrim xizmatlardan masofadan turib foydalanish, vaqt va ortiqcha sarf-xarajatlarni tejash imkonini bermoqda. Umuman, so‘nggi yillardagi islohotlarga nazar tashlansa, maktabgacha va maktab ta’limida bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim vazifa – qamrovni kengaytirish, ta’lim infratuzilmasini yaxshilash, baholash tizimini takomillashtirish, pedagog nufuzini oshirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilganini ko‘rish mumkin. Eng muhimi, ta’limdagi natija faqat bugungi raqamlar bilan emas, balki shu tizimda ta’lim olayotgan bolalarning ertangi yutuqlari bilan o‘lchanadi. Bugun qurilayotgan maktab va bog‘chalar, joriy etilayotgan yangi tizimlar va yaratilayotgan imkoniyatlar kelajak avlod uchun sarmoyadir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA