Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Yo‘lovchi” loyihasi doirasida Nurafshon shahrida piyodalar xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish va aholi o‘rtasida xavfsiz harakatlanish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda yo‘l harakati ishtirokchilariga piyodalar o‘tish joylaridan belgilangan tartibda foydalanish, qo‘l ko‘tarib yo‘lni kesib o‘tish, svetofor va yo‘l belgilari talablariga amal qilish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yo‘llarda hushyor va ehtiyotkor harakatlanish, xavfsizlikka rioya qilish nafaqat haydovchi, balki har bir piyodaning ham mas’uliyati ekani ta’kidlandi. Asosiy maqsad yo‘l harakati xavfsizligini mustahkamlash, piyodalarda yo‘l qoidalariga amal qilish ko‘nikmasini shakllantirish hamda xavfsiz harakatlanish madaniyatini keng targ‘ib qilishdan iborat.
***
Oqqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasida travmatologiya va ortopediya yo‘nalishida murakkab jarrohlik amaliyotlari zamonaviy texnologiyalar va belgilangan standartlar asosida o‘tkazilmoqda.

Operatsiyalar Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari hamda Oqqo‘rg‘on TTB shifokorlari hamkorligida amalga oshirilmoqda. Muhimi, bu yerda yaratilgan imkoniyatlardan nafaqat Oqqo‘rg‘on, balki qo‘shni tumanlardan kelayotgan bemorlar ham foydalanmoqda. Bu esa aholiga uzoq hududlarga borib sarson bo‘lmasdan, o‘z hududiga yaqin joyda yuqori malakali tibbiy yordam olish imkonini bermoqda.
Jumladan, kuni kecha yana bir bemorga chap chanoq-son bo‘g‘imini total endoprotezlash operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Aytish mumkinki, yil boshidan buyon bu kabi 100 dan ortiq murakkab operatsiyalar amalga oshirildi. Ehtiyojmand bemorlarga bunday operatsiyalar bepul bajarilmoqda.
***
Bekobod shahri, Bekobod va Bo‘ka tumanlarida faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyati soliq boshqarmasi rahbariyati va xodimlari, hududiy soliq inspeksiyalari vakillari ishtirok etib, Prezidentimizning joriy yil 28-avgustdagi “Tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi belgilangan vazifalar hamda tadbirkorlar uchun yaratilgan yangi imkoniyat va yengilliklar haqida ma’lumot berdi.

Muloqotda kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishga uch yillik moratoriy joriy etilgani, takroriy tekshiruvlar uchun Biznes-ombudsman ruxsati talab etilishi hamda “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” tamoyili asosida ayrim kamchiliklarni bartaraf etish uchun 10 kunlik muddat berilishi tushuntirildi. Shuningdek, “Ikkinchi imkoniyat” iqtisodiy amnistiyasi doirasida soliq qarzdorligini bartaraf etish, ayrim hollarda penyalarni hisobdan chiqarish va soliq hisobotlaridagi xatolarni mustaqil tuzatish tartiblari haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislarga murojaat qilib, qonunchilik talablari va muammolarni hal etish tartibi bo‘yicha tegishli javob va tavsiyalar oldi.
A.Musayev, O‘zA