Xotin-qizlar o‘rtasida innovatsion loyihalar tanlovi o‘tkazilmoqda
Xotin-qizlarning ilmiy-innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va ular tomonidan yaratilayotgan ishlanmalarni amaliyotga joriy etish maqsadida «Hududning eng yaxshi 100 ta innovatsion loyihalari» tanlovi o‘tkazilmoqda.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida tashkil etilgan.
Unda hududdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilot va korxonalarda ilmiy-tadqiqot, innovatsion, texnologik, ishlab chiqarish yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan olima, ixtirochi va tadbirkor xotin-qizlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishi mumkin.
Tanlov yakuniga ko‘ra, eng yaxshi 100 ta innovatsion loyiha — TOP-100 saralab olinadi. G‘oliblar sertifikat va mukofot puli bilan taqdirlanishi bilan bir qatorda, ularga «InnoWeek.Uz–2026» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida loyihalarini namoyish etish, ekspertlar va mutaxassislarga taqdim qilish, investitsiya jalb etish, loyihalarni tijoratlashtirish hamda texnologik va ishbilarmonlik hamkorligini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari taqdim etiladi.
Tanlov doirasida innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish uchun hamkorlar topishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Loyihalar 2026-yil 30-sentabr soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi. 1–15-oktabr kunlari taqdim etilgan loyihalar ekspertlar tomonidan saralanadi. 27–29-oktabr kunlari esa «InnoWeek.Uz–2026» doirasida TOP-100 loyihalar ko‘rgazmasi, taqdimotlari va g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Loyihalar Innomarket.uz elektron platformasi orqali qabul qilinadi.
N.Usmonova, O‘zA